Buxoro kirish-chiqish uchun yopildi
Jamiyat
−
27 mart 2020
6478O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining mamlakat bo‘ylab tarqalib ketmasligi uchun karantinga yopilgan va transport vositalarining kirish chiqishi to‘xtatilgan shaharlar qatori kengaydi.
Bugun, 27 mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Buxoro shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Buxoro shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatildi.
Buxoro viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida maxsus komissiya qaroriga ko‘ra amalga oshirildi.
Buxoro shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Buxoro shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Buxoro shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Buxoro shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Avvalroq, Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand va Guliston shaharlari koronavirus sabab kirish va chiqish uchun yopilgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 75 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr