Bo‘qoqqa qarshi yodomarin berilgan ekan – Chustda zaharlangan bolaning onasi

Jamiyat

image

Namangan viloyatining Chust tumanidagi bog‘chada zaharlangan bolalardan birining onasi farzandiga buqoqqa qarshi yodomarin berilganini aytdi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Telegram-kanalida ma’lum qilindi.

Bog‘chada zaharlangan bolalardan birining onasi farzandida kechgan holatlar haqida gapirib bergan.

“Kecha ikki farzandim bog‘chadan keldi. Kechki ovqatga hech nima yemadi. Nima bo‘ldi, deb so‘rasam, qornim og‘riyapti, deb yig‘lashni boshlashdi. Birozdan keyin ichi ketdi. Qanaqa ovqat yegandinglar, deb so‘radim. Katta farzandim “bizga dori berdi”, deb aytdi. Tarbiyachisiga telefon qilib so‘rasam, buqoqqa qarshi yodomarin berishgan ekan”, deydi zaharlangan bolaning onasi.

Onaning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘zi ham maktabda ishlaydi va maktabda ham bolalarga yodomarin berilgan.

“Kechasi kichik farzandim yana uyg‘onib, yig‘lab, qorni og‘riganini aytdi. Katta farzandimda hech nima bo‘lmadi. Uyda davolashga harakat qilib ko‘rdik, lekin bo‘lmadi. Keyin shifoxonaga keldik. Hozir ahvoli ancha yaxshi”, deydi ona.

Hozirda bu kabi holatlar viloyatning Pop tumanida ham qayd etilgani, zaharlanganlar soni 120 nafarga yetgani aytilmoqda. Shuningdek, zaharlanishga “Antistrumin” nomli dori sababchi bo‘lgani ham tarmoqlarda sizib yuribdi. 

Eslatib o‘tamiz, Namangan viloyatining Chust tumanida bog‘cha bolalari zaharlangandi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

zaharlanish Chust yodomarin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing