Bugunning o‘zida koronavirusdan tuzalganlar 36 nafarga yetdi

Jamiyat

image

Toshkent tibbiyot akademiyasida yana 21 nafar bemor koronavirusdan tuzaldi. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

“Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan 21 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi“ deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, sog‘ayganlarning 13 nafari charter reys orqali Turkiyadan Toshkentga kelishgan bo‘lib, “Botanika” sanatoriysi hamda O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan edi. Ularda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanishni boshlashgan. Qolgan 8 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Bemorlardan 5 nafari erkak, 16 nafari ayollardir. Ulardan 13 nafari poytaxtimizdan, 6 nafari Toshkent viloyatidan, Farg‘ona va Navoiy viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda ekanligi ma’lum qilingan.

Shunday qilib, bugun mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 36 nafarga yetib, jami 261 nafarni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning, 5 nafari vafot etgan. 

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor 


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

126

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing