Bugungacha O‘zbekistonda “Pomidor jigarrang bujmayish virusi“ aniqlanmagan – ”O‘zdavkarantin"
Jamiyat
−
14 dekabr 2020
9541So‘nggi kunlarda nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijiy OAVda Rossiya Federatsiyasi tomonidan O‘zbekistonning Farg‘ona, Qashqadaryo hamda Navoiy viloyatlariga eksport uchun taqiq qo‘yilgani va bunga “Pomidor jigarrang bujmayish virusi kasalligi” sabab bo‘lgani muhokamalar markazida bo‘lib, mazkur taqiqlar xususida turli xil fikrlar bildirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mazkur virus masalasiga oydinlik kiritish maqsadida bayonot berdi.
Qayd etilishicha, “pomidor jigarrang bujmayish virusi kasalligi” bilan bog‘liq xabar e’lon qilinganidan so‘ng, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi xodimlari tomonidan “Dolzarb 15 kunlik” chora-tadbirlar tezkor rejasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, “Rosselxoznadzor” vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, ularning tajribaviy tavsiyalari inobatga olingan.
Hozirgi kunda, respublika hududiga pomidor va qalampir mahsulotlarining urug‘lari olib kirilishi to‘liq cheklangan bo‘lib, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi tomonidan mazkur urug‘liklarni eksport qiluvchi davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Respublikaning barcha hududida yetishtiriladigan pomidor mahsulotidan namunalar olinib, Markaziy karantin laboratoriyasida o‘rganilmoqda.
“Dolzarb 15 kunlik” doirasida Respublikaning Qashqadaryo, Navoiy, Farg‘ona hamda boshqa hududlarida pomidor va qalampir ekilgan har bir issiqxonaning joylashgan o‘rni, maydoni, turi va fitosanitar tozaligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi, ya’ni pasporti Inspeksiya xodimlari tomonidan shakllantirildi va davomli qat’iy fitosanitar nazorat o‘rnatildi.
“O‘rganish va tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunga qadar Respublika hududida mazkur virus aniqlanmagan.
Shu bilan bir qatorda, hozirgi kunda, respublikaning virusdan xoli ekanligini tasdiqlash maqsadida har bir hudud kesimida yetishtiruvchilar, ya’ni issiqxonalar ro‘yxati shakllantirilib, masala yuzasidan o‘tkazilayotgan muzokaralar doirasida “Rosselxoznadzor”ga taqdim etilib, ko‘yilgan vaqtinchalik cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Kapr ko‘ng‘izi borasida ham 4 dekabrdan boshlab respublika bo‘ylab fitosanitar nazorat ko‘chaytirilib, zararsizlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Tadbirkor, fermer hamda dehqonlar, mahsulot yetishtiriluvchi dala, bog‘, issiqxona, qadoqlash sexlarida turli xildagi kasallik alomatlarini ko‘rganlarida, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasining ishonch raqami (71 202 10 00)ga murojaat etishlari so‘raladi”, deyiladi “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi Axborot xizmati bayonotida.
Ekspertlarni taqdimotlariga ko‘ra, Tomato brown rugose fruit virus – “Pomidor jigarrang bujmayish virusi kasalligi” yangi va juda kam o‘rganilgan virus bo‘lib, faqatgina 2020 yil sentyabr oyida Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi A2 ro‘yxatiga qo‘shilgan. Qayd etish kerakki, ushbu kasallik urug‘lar, virus tekkan asboblar, kiyimlar, mexanik vositalar orqali va ekinlarning changlanishi vaqtida ham tarqalishi mumkin. Jigarrang virus kasalligiga chidamli pomidor navlari shu kungacha ishlab chiqilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rosselxoznadzor”Farg‘onadan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlari, Qashqadaryodan esa pomidor va qalampir importiga taqiq qo‘ygandi.
LiveBarchasi