Bugundan barcha maktablarda reyd boshlanadi

Jamiyat

image
Navbat Samarqandga. Ustozlar yana maktabni “remont” qilishga majburlandi (video) north_east

Navbat Samarqandga. Ustozlar yana maktabni “remont” qilishga majburlandi (video)

O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida majburiy mehnat yuzasidan nazorat tadbirlari (reydlar) o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
 
Bildirilishicha, bugun, 15 avgust sanasidan boshlab, butun respublika bo‘yicha maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi” e’lon qilinadi. Mehnat inspeksiyasi barcha ta’lim muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazadi.

“So‘nggi kunlarda o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘yicha e’lon qilinayotgan xabarlar fuqarolarimizning mehnat huquqlari daxlsizligi xavf ostidaligini ko‘rsatmoqda”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan 10 ga yaqin o‘qituvchi va murabbiylarni majburiy mehnatga jalb etish holatlari tasdig‘ini topib, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan. Tegishli vazirlik va idoralarga qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini o‘rganish hamda ularning kelib chiqishiga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritilgan. 

Ta’kidlanishicha, haftalik doirasida nafaqat ish beruvchilar, balki majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan barcha mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ham javobgarlik choralari qo‘llaniladi.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 27 martda qabul qilingan va ertasi kuni kuchga kirgan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash)ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shu qonun bilan Jinoyat kodeksining 148-2-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash)ga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, “mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.

2018 yil 10 mayda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil avgust oyi boshida Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilari ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani va maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Maktab direktoriga mehnatga ma’muriy tarzda majburlagashni nazarda tutuvchi normaga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.


Maqola muallifi

Teglar

maktab o'qituvchi majburiy mehnat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing