Navbat Samarqandga. Ustozlar yana maktabni “remont” qilishga majburlandi (video)
Jamiyat
−
07 avgust 12897 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi 32-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari hayot uchun xavfli tepaliklarda ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, rasmlardagi holat Samarqand shahridagi 32-umumta’lim maktabi emas, shahardagi 24-umumta’lim maktabiga tegishli. Majburiy mehnatga jalb etish bilan bog‘liq har qanday holatlarni qoralashini ta’kidlagan boshqarma vaziyat to‘liq nazoratga olingani va o‘rganish ishlaridan so‘ng qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan.
Tarmoqlarda sizdirilgan xabarlarda esa maktab direktori va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, ilmiy bo‘lim mudiri o‘qituvchilarni tashqi ishlarga majburlayotgani aytilgan. Shu bilan birga, maktabga agar tekshirish kelsa, “o‘z xohishimiz bilan bu ishni bajardik” deyishga o‘qituvchilar majburlangani aytilmoqda. Hatto direktor va o‘rinbosarlar pedagoglardan birining dars soatini uning yozma roziligisiz 30 soatdan 23 soatga tushirgani, ustama foizlarni ham kamaytirib yuborgani ta’kidlangan. Barcha holatlardan xabardorligi iddao qilingan Samarqand shahar va viloyat MMTB boshliqlari, ayniqsa, Samarqand viloyati MMTB boshlig‘i bularning barchasiga ko‘z yumib kelayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, xabarlarda maktab rahbariyati o‘qituvchilardan biriga biriktirilgan sinfxonani uning o‘ziga zamonaviy jihozlar bilan jihozlashga majbur qilishgani aytilgan.
Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilari ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani va maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Maktab direktoriga mehnatga ma’muriy tarzda majburlagashni nazarda tutuvchi normaga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr