O‘qituvchilarni maktab “remont”iga chiqargan direktor ishdan olindi
3-sahifa
−
04 avgust 8051 2 daqiqa
Avvalroq, Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi 42-sonli maktabda o‘qituvchilar ta’mirlash ishlarini o‘zlari olib borayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu maktab direktori ishdan olindi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori Z.M. egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Marhamat tumani “Yangi hayot” MFYda joylashgan 42-umumta’lim maktabi 1982 yilda qurilib, 2005 yilda joriy ta’mirlangan. Maktab 2023 yil “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida 1 milliard 200 millionlik qiymatga ega eshik va romlar bilan ta’mirlangan. 2024 yilgi mavsumda 1 milliard 300 million so‘m mablag‘ yutib olinib, sport maydoni qurilgan va maktabning old qismi zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan. Hozirda maktabda jami 1236 o‘quvchiga 74 nafar ustoz ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
Videoda ishlayotgan pedagoglarning barchasi ayol kishi ekanini ko‘rish mumkin. Ular orasida ingliz tili, rus tili, matematika o‘qituvchilari, deyarli barcha muallimalar bor ekani aytilgan. Ularning ba’zilari devor va shiftni suvayotgan bo‘lsa, yana boshqa biri stol va stullarni tashiyapti. Qiziqarlisi shundaki, ta’mirlash ishlarini olib borayotgan ustozlarning ayrimlari hatto mehnat ta’tilida bo‘lsa ham maktabda – ta’mirlash jarayonlarida. Videoda “remont” ishlarida qatnashgan o‘qituvchilarga ko‘proq dars soati berilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu maktabda o‘qituvchilarning ta’mirlash ishlariga chiqarilganiga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham munosabat bildirgandi.
Live
Barchasi