Bugun Yer yaqinidan yirik asteroid uchib o‘tadi

Olam

image

Yevropa kosmik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 27 iyun kuni yirik asteroid Yer yaqinidan uchib o‘tadi. Bu haqda agentlik saytida xabar berildi.

Ma’lum qilinishicha, 1997 NC1 nomli asteroid Yerga eng yaqin masofadan o‘tadi. Biroq u sayyora uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Yevropa kosmik agentligi ma’lumotiga ko‘ra, u Yerdan taxminan 2,6 million kilometr uzoqlikda harakatlanadi. Bu masofa Oy bilan Yer orasidagi masofadan qariyb yetti baravar uzoq bo‘lsa-da, astronomik hisob-kitoblarga ko‘ra, u Yer yaqinidan o‘tuvchi yirik asteroidlar sirasiga kiradi.

1997 NC1 qariyb 30 yil avval Gavayidagi asteroidlarni kuzatish tizimi tomonidan aniqlangan. Uning diametri 750 metrdan 1,65 kilometrgacha yetishi mumkin.

Mutaxassislarning aytishicha, asteroid Yerga yaqinlashsa-da, uning orbitasi sayyora bilan kesishmaydi. Shu sababli u hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Durbin yoki kichik teleskopga ega osmon kuzatuvchilari uni samo bo‘ylab harakatlanayotgan xira yorug‘ nuqta sifatida kuzatishlari mumkin.

NASA hisob-kitoblariga ko‘ra, 1997 NC1 bundan keyin 2133 yilgacha Yerga buncha yaqin masofadan qayta uchib o‘tmaydi. Shu bois, uning bu galgi parvozi astronomlar va havaskor osmon kuzatuvchilari uchun noyob hodisalardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham 2026 JH2 nomli asteroid Yer yonidan xavfsiz tarzda o‘tib ketgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing