Olimlar Oydan qadimgi sivilizatsiya izlarini qidirmoqchi

Bu qiziq

image

Tadqiqotchilar Oy tuprog‘idan milliardlab yillar avval mavjud bo‘lgan o‘zga sayyoraliklarning texnologik sivilizatsiyalari izlarini qidirishni taklif qildi. Bu haqda SETI instituti xabar berdi.

Olimlarning fikricha, texnologik sivilizatsiyalar tomonidan yaratilgan mikroskopik va uzoq vaqt saqlanib qoladigan zarrachalar yulduzlararo fazo orqali tarqalib, Oy yuzasidagi regolitga (chang-tosh aralashmasi) tushgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqotchilar Oyni bunday izlarni qidirish uchun Yerga qaraganda qulayroq joy deb hisoblaydi. Chunki Oyda atmosfera, oqib turgan suv va faol geologik jarayonlar mavjud emas. Shu sababli uning yuzasi milliardlab yillar davomida kosmosdan kelgan moddalarni nisbatan o‘zgarmagan holda saqlab kelgan.

Tadqiqotda bunday zarrachalarni aniqlash uchun zamonaviy mikroskopiya, tomografiya, spektroskopiya hamda sun’iy intellekt yordamidagi tasvir tahlilidan foydalanish mumkinligi ko‘rsatilgan. Olimlar taxminan 1 kub metr Oy regolitini batafsil tekshirish orqali galaktikada ilgari mavjud bo‘lgan texnologik sivilizatsiyalar haqidagi muayyan ilmiy xulosalarga kelish mumkinligini hisoblagan.

Tadqiqotchilar hozircha Oydan o‘zga sayyoralik texnologiyalarga oid biror dalil topilganini da’vo qilmayapti. Ularning ta’kidlashicha, yangi ish bunday izlarni izlashni amaliy jihatdan tekshirish mumkinligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot kelajakda NASA’ning Artemis dasturi, Xitoyning Chang’e missiyalari va boshqa Oy ekspeditsiyalari orqali Yerga olib kelinadigan namunalarni o‘rganish orqali sinovdan o‘tkazilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerning aylanish tezligi o‘zgarib borayotgani sababli jahon vaqti Yerning aylanishiga bog‘liq bo‘lmagan tizimga o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing