Bugun Yer yaqinidan asteroid o‘tadi. U qanchalik xavfli?

Olam

image

Yevropa kosmik agentligi (ESA) ma’lumotiga ko‘ra, yaqinda kashf etilgan 2026JH2 nomli asteroid bugun, 18 may kuni Yer yonidan xavfsiz tarzda o‘tib ketadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Arizona shtatining Tuson shahridagi Mount Lemmon tadqiqot markazi astronomlari asteroidni 10 may kuni aniqlagan va unga 2026JH2 deb nom bergan. U “Appolon” sinfiga mansub asteroid bo‘lib, Quyosh atrofida Yer orbitasi bilan kesishadigan trayektoriya bo‘ylab harakatlanadi.

Eng yaqin o‘tish paytida 2026JH2 Yerga taxminan 91 593 kilometr masofagacha yaqinlashadi. Bu Yer va Oy orasidagi masofaning qariyb 24 foiziga teng bo‘lib, hatto geosinxron sun’iy yo‘ldoshlar orbitasidan ham ancha uzoq hisoblanadi.

Massachusets texnologiya instituti professori Richard Binzelning ta’kidlashicha, asteroid yaqin masofadan o‘tishiga qaramay, u hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday kichik asteroidlar Yer yonidan juda tez-tez o‘tib turadi va bu odatiy kosmik hodisa hisoblanadi.

Olimlarning tushuntirishicha, 2026JH2 Mars va Yupiter orasidagi asteroid kamaridan kelib chiqqan. Asteroidning aniq o‘lchami hozircha to‘liq ma’lum emas. Sababi, optik teleskoplar faqat uning yorqinligini qayd etadi, bu esa ob’ektning qanchalik katta ekanini aniq ko‘rsatmaydi. Taxminlarga ko‘ra, 2026JH2 asteroidining diametri 15 metrdan 30 metrgacha bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar uning yaqin o‘tishini xavotirli holat emas, balki oddiy astronomik hodisa deb baholamoqda. Shu bilan birga, olimlar asteroidning kelajakdagi orbitasini aniq bashorat qilish qiyinligini ham ta’kidlaydi, chunki kichik kosmik jismlarning harakati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 FA22 asteroidi Yer va Oy yonidan taxminan 800 ming km masofada xavfsiz o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

asteroid Er o'tib ketadi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing