Bugun NATO Rossiya va Xitoyning yuziga “musht” tushiradi
Olam
−
29 iyun 2022
27850Bugun, 29 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida tarixiy qarorlar qabul qilinadi. Bulardan eng muhimi – Rossiyani xavfsizlikka "to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid", Xitoy esa alyansning "qadriyatlari va manfaatlariga qarshi kurashuvchi" deb tan olish. Bu haqda Madriddagi sammitning asosiy kuni ochilishi oldidan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2010 yilda Lissabon sammitida qabul qilingan NATOning amaldagi strategik konsepsiya o‘zgarishlarga uchraydi.
Stoltenberg avvalgi hujjatda Xitoy tilga olinmagani, Rossiya esa strategik hamkor sifatida ko‘rilganini eslatdi.
“Hujjatning yangi tahririda Rossiya xavfsizlikka "to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid", Xitoy esa alyansning "qadriyatlari va manfaatlariga qarshi kurashuvchi" deb nomlanadi”, deydi Bosh kotib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning yangi konsepsiyasi doirasida [tahdidlar] oldini olish va mudofaa salohiyatini oshirishga urg‘u beriladi.
“NATOning tezkor kuchlari soni 300 ming kishiga yetkaziladi. Bu qo‘shinlar o‘z mamlakatlarida joylashtiriladi, xarajatlar esa turli ittifoqchi davlatlar tomonidan moliyalashtiriladi”, deydi Stoltenberg.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi, Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. Qolaversa, milliy qurol-yarog‘ embargosi olib tashlanadi.
Ushbu kelishuvlardan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Twitter'dagi sahifasiga Finlyandiya Prezidenti va Shvetsiya Bosh vaziri bilan tushgan suratini joylashtirib, Turkiya, Finlyandiya va Shvetsiyani o‘zaro muloqotning muvaffaqiyatli yakuni bilan tabrikladi.