Bugun gender bilan tenderni farqlamaydigan rahbarlar bor – Xo‘jayeva

Intervyu

image

O‘zbekistonda o‘tgan yili “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Xo‘sh, mamlakatda gender tengligi to‘liq ta’minlandimi? Gender nima o‘zi? Uning mohiyatini rahbarlardan tortib, oddiy mahalla fuqarolar yig‘ini raisigacha to‘liq anglayaptimi? QALAMPIR.UZ Demokratiya va inson huqulari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi, yuridik fanlari nomzodi Sayyora Xo‘jayeva bilan suhbatda ushbu savolni ko‘tardi. 

“Biz Mustaqillikning boshidanoq gender tengligi haqidagi qonunni qabul qilish zarurligi to‘g‘risida gapirib kelganmiz. 15 yil deganda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi  qonun qabul qilindi. Ammo, bugun gender bilan tenderni almashtiradigan rahbarlarimiz ham yo‘q emas. Ayrim rahbarlar juda salbiy qabul qilishdi. Albatta, hali ko‘p tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak”, deydi Sayyora Xo‘jayeva. 

Xabaringiz bor, joriy yilning 29 sentyabr kuni Namanganda 35 yashar ayol MIB ijrochilarining ko‘z o‘ngida o‘zini yoqib yubordi. Sayyora Xo‘jayeva mamlakatda gender tengligi xususida gapirarkan, ushbu voqeaga ham to‘xtaldi

“Bilasizmi, gender tenglikka Namangan voqeasining nima aloqasi bor, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Aslida juda ko‘p narsa bog‘liq. Masalaga eng boshidan baho beraylik. Bu ayol o‘z-o‘zidan shu ahvolga tushib qolmagan. Oilada ko‘rgan qiyinchiliklari, yon-atrofdagilarning unga bo‘lgan munosabati, yengil tabiat degan tuhmatlar... Bu kabi azobdan ayol o‘z muammosi ichida yakkalanib qolgan. Agar u ayol o‘z xuquqlarini bilganda, balki bu holatgacha kelmasdi. Hamma balo xuquqiy savodsizlikdan, xuquqiy madaniyatimizning pastligidan.

Albatta, biz hali mahallalarga yetib bormadik. Ba’zilar gender — bu ayollarning hokimiyatga bo‘lgan intilishlari deb hisoblashadi. Haqiqatda esa, bu erkaklar va ayollar masalalari bilan bog‘liq keng va dolzarb muammo — har ikki jinsning imkoniyatlari  tengligi deb aytish mumkin. Shubhasiz, ayollarning jamiyatda muammolari ko‘proq, shuning uchun ayollarga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda dunyo bilan aloqalar, ta’lim, fan, madaniyat, ijtimoiy siyosat tizimidagi gender nuqtayi nazari yangi qarash prototipi, jamoatchilik bilan aloqalar va o‘zaro munosabatlarning yangi moduli sifatida qabul qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayollarning qanday qiynalayotganini ko‘ryapmiz. Ayollarga bo‘layotgan tazyiqlarning umumiy sonini ko‘rib, gender tengligiga hali ancha bor ekan, deb o‘ylab qolamiz”, deydi Xo‘jayeva. 

Gender tengligini bugungi kunda huquq posbonlari qanchalik anglayapti, tushunyapti va amalda qo‘llayapti? Ushbu savolga huquq faoli shunday javob beradi: 

“Kechirasiz, huquq sohasi posbonlari ham siz bilan bizga o‘xshagan oddiy odamlar. Ichki ishlar xodimlarini yoki boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarini olsak, gender nima ekani, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning mazmuni nimadan iborat, nima talab qilayotgani ularga hali yetib ham bormadi. Ularning bunga jismonan vaqti yo‘q. Ular o‘zining har kunlik topshiriqlari bilan band. Yetib borishi uchun ularni tizimli ravishda  o‘qitish zarur”. 

Suhbatni to‘liq ushbu manzilda o‘qishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Sayyora Xo'jaeva

Baholaganlar

53

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing