Guljahon Yo‘ldosheva ko‘p narsani biladi, uning kamroq gapirishini istashdi – Xo‘jayeva
Intervyu
−
19 Oktabr 2020
28664Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori – ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva sog‘liqni saqlash sohasidagi ko‘plab muammolarni biladi va unga bosim o‘tkazish maqsadida ham qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Demokratiya va inson huquqlari instituti diretkori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi, yuridik fanlar nomzodi Sayyora Xo‘jayeva QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Ko‘p holatlarda prokuror va sudyalarning fikri sub’ektiv bo‘ladi. Yoki ularga bosim qilingan deb aytish to‘g‘ri bo‘ladi. Biz bilamizki, Guljahon Yo‘ldosheva SSVni keskin tanqid qilgan. Pandemiya davrida qanday kamchiliklar borligini o‘rtaga tashlagan va albatta, bu xolat ayrim rahbarlarga yoqmagan. Albatta, hammasi taxmin. Bir narsa deyish qiyin”, deydi Sayyora Xo‘jayeva.
Jurnalist Qamariddin Shayxov inson huquqlari faoli Xo‘jayevaga “SSVni tanqid qilib chiqqan shifokorlar ko‘p bo‘ldi-ku, nega aynan Yo‘ldasheva?”, degan savol bilan yuzlanadi. “Demak SSV ning kuchi shu shifokorga yetgan”, deydi Sayyora Xo‘jayeva javoban.
Sayyora Xo‘jayevaga ko‘ra, ushbu ishda tashqi omillar aralashuvi bo‘lishi mumkin.
“Bu ham sub’ektiv fikr, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv bo‘lmasa ham, ta’siri baribir bo‘lgan. Chunki sohadagi kamchiliklarni ochib tashlashga qudrati yetganmi, demak bundanda ko‘p narsalarni aytishi ham mumkinligi ularda qo‘rquv uyg‘otgan. Hozir jurnalistlar u ayol bilan uchrasha olmaydi, unga savol bilan murojaat qilolmaydi. Menimcha, Guljahon Yo‘ldosheva ko‘p narsani biladi. Kamroq gapirsin degan maqsadda, balki, unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi belgilagan bo‘lishlari ham mumkin. Olti farzandning onasi, doimiy yashaydigan joyi ma’lum, hech qayerga qochmasligi ma’lum. Menimcha, bunday holatda unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi – juda qattiq chora. Ochiqda qoldirish ham, yoki avval boshidanoq uy qamog‘ida saqlashlari ham mumkin edi”, deydi huquq faoli.
Agar Yo‘ldosheva misolida olib qarasak, O‘zbekistonda haqiqatni gapirish, adolat uchun kurashish hali ham xavfmi? Xo‘jayeva bu savolga quyidagicha javob beradi:
“Demak, xavfli ekan-da. Men ham avvallari bu darajada dadil gapirmasdim. Menga og‘ir-bosiq, moslashuvchan bo‘lish kerak, deb ko‘p aytishadi. Men og‘ir-bosiq, vazminman, lekin befarq emasman. Hayotda bo‘layotgan jarayonlarga befarq bo‘lib yashagandan ko‘ra, yashamaslik kerak. Bir umr tutab yashagandan, bir lahza yonib yashash, taftingizdan boshqalarni ham isitishingiz kerak. Qolaversa yurt taqdiriga befarq bo‘lish, kelajakka befarq bo‘lish bilan barobardir. Ertaga farzandlarimiz, nabiralarimiz qo‘ziga qanday qaraymiz? Shuning uchun ham, doim haqiqat yo‘lida, adolat yo‘lida bo‘lsak – adashmaymiz va pok vijdon bilan yorug‘ dunyoni tark etamiz”.
Suhbatni to‘liq ushbu manzilda o‘qishingiz mumkin.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi