AOKAning xatti-harakatlari – bosim o‘tkazish, senzurani “reanimatsiya qilish” – Xo‘jayeva Xo‘jayev haqida
Jamiyat
−
11 dekabr 2020
8004Ma’lumki, oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi masalasi kun tartibiga chiqqan. Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qancha elektron ommaviy axborot vositalariga ogohlantirish xatlari yuborilishi jurnalistik faoliyat va so‘z erkinligining bosim ostiga olinishi, “senzuraning tirilishi” deb baholanmoqda. Ushbu holat xalqaro ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatlari e’tiboriga ham tushdi. Xo‘sh, mamlakatda faoliyat yuritayotgan inson huquqlari faollari bu borada nima deydi? Ular nega jim? QALAMPIR.UZ AOKA va OAV bilan bog‘liq holat yuzasidan Demokratiya va inson huqulari instituti direktori Sayyora Xo‘jayevaga yuzlandik.
“Oxirgi kunlarda AOKAning xatti-harakatlari inson huquqini himoya qiluvchi tashkilot sifatida bizni hayratga soldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganing 28 yilligiga bag‘ishlangan tabrik so‘zida, “o‘z yo‘limizdan ortga qaytmaymiz”, deb ta’kidlab o‘tdi. Prezidentni ortga qaytishga yo‘l yo‘q, olib borayotgan ishlarimizni davom ettiramiz degan so‘zlari ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib, biz, aynan inson huquqini himoya qiladigan tashkilotlarni xursand qildi.
Yodingizda bo‘lsa joriy yilning yanvar oyida Prezident Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida “Jamiyat islohatlarning tashabbuskori” deb ta’kidlagan edi. Shunday ekan, fuqarolik jamiyati institutlari davlat organlari bilan islohotlarga xamnafas bo‘lish, inson huquqlarini himoya qilishda asosiy vositalarni ishlatishlari zarur deb o‘ylayman. Shunday ekan, ortga yo‘l yo‘q”, deydi Sayyora Xo‘jayeva
Xo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, agentlik bosim o‘tkazishga harakat qildi. Buni esa ochiqchasiga senzura deb baholash mumkin.
“Agentlikning xatti-harakatlari bosim o‘tkazish, ochiq aytish kerak, bu senzuraning avvalgidek “reanimatsiya qilinishi”. Bunga davlat rahbari ham, jamiyat ham, xalqaro tashkilotlar ham o‘z bahosini berdi. Men o‘ylaymanki, agentlik ham o‘z faoliyatini yangidan ko‘rib chiqishi kerak. Orqaga yo‘l yo‘q ekan, demak ular ham yangi jarayonlarga hamnafas bo‘lib, boshqacha yo‘l tutishlari kerak. Senzuraga yo‘l yo‘q!”, deydi inson huquqlari faoli.
Elektron ommaviy axborot vositalariga AOKA rahbariyati tomonidan ogohlantirish xatlarining yuborilishi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. Kimdir davlat OAVning tizginini tortmoqda desa, yana boshqa birov ogohlantirishlar davlatning OAVga munosabatini ifoda etmasligi, aksincha, bu holat uning yangi rahbariyati bilan bog‘liqligini aytadi. Xo‘jayeva bu borada so‘z yuritarkan, familiyadoshi – AOKA rahbari Asad Xo‘jayevni yaxshi tanishini urg‘ulaydi.
“Men o‘ylaymanki, AOKAning yangi rahbari tajribali inson, gap yo‘q. Lekin yangi talablardan kelib chiqib, jamoani to‘g‘ri yo‘naltirishi kerak. Ishga kelishlari bilan senzurani tiklash xati-harakatlari nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki xalqaro tashkilotlar uchun ham signal-da. Xalqaro tashkilotlar bo‘lgan voqealardan xushyor tortishdi va bu voqea ularda Prezident aytgan gaplar qayerda qoldi degan savolni ham paydo qildi. Ular ham o‘z fikrlarini bildirishdi. AOKA OAVga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi, degan niyatdamiz”, deydi Sayyora Xo‘jayeva.
LiveBarchasi