“Bizda qonun emas, stereotiplar ishlayapti”. Inson huquqlari faoli Sayyora Xo‘jayeva bilan suhbat
Intervyu
−
17 Oktabr 2020
13010Gender tengligi. So‘nggi vaqtlarda bu haqda juda ko‘p eshityapmiz. Ayollar uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratish, ularni ham rahbarlik lavozimlariga tayinlash, vakolatlar berish, qonunchilikni ham o‘zgartirish, erkaklarga qaraganda ko‘proq imtiyozlar berish masalasida ustuvor bo‘lib turibdi. Biroq jamiyat bunga tayyormi? Davlat organlari-chi? Namanganda bir ayol o‘zini yoqib yubordi. Jinoyatda ayblanayotgan 6 farzandning onasi Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh vrachi ehtiyot chorasi sifatida hibslandi. Shu kunlarda "Sardoba fojiasi"dan aziyat chekkan ayollar farzandlari bilan chaylalarda yashayotgani haqidagi masala kun tartibiga chiqdi. Bular haqida Biz Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, zaxiradagi prokuratura polkovnigi Sayyora Xo‘jayeva bilan suhbatlashdik.
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Siz ayolsiz, onasiz, Namanganda o‘zini yoqib yuborgan ayol xodisasini ko‘rganingizda, birinchi navbatda insoniy jihatdan, yurist sifatida sizda qanday hayajon kechdi?
Sayyora Xo‘jayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori, Yuridik fanlar nomzodi: — To‘g‘risi ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeani ko‘rganimda, meni bir narsa hayratga soldi. U ham bo‘lsa - atrofda turgan odamlar. Ular shunchaki tomoshabin bo‘lib turishibdi, chunki ular ayol o‘zini yoqishiga ishonishmayapti. Men, o‘z tajribamdan kelib chiqib, shu kadrni ko‘rib ishondim. Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan davrimda har xil ayollarni ko‘rib, ko‘zim pishib ketgan. Ayollar psixologiyasi, ichki kechinmalari bilan yaqindan tanishib, ularning nima qilishi, qanday qadam tashlashini, qaysi harakati nimaga olib kelishini bilaman. Videoni ko‘riboq, hozir o‘zini yoqib yuboradi deb aytdim. Bu tahdid ham, kimnidir qo‘rqitish ham emasdi. Ayol chegaraga olib kelingan edi. Meni hayratga solgan narsa, atrofda 20 dan ortiq erkak va ayollar turibdi va ulardan birortasi ham yugurib borib, ayolni qutqarishga harakat qilmadi. Sarosimaga tushiradigan holat edi, borib qutqarishguniga qadar biroz vaqt o‘tdi va uni saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Ayolni shu nuqtaga olib kelmaslik ham mumkin edi. To‘g‘risi bu voqeani o‘ylasam, o‘zimni juda yomon his qilaman.
Biz hammamiz insonmiz, bunday holatlar har kuni ham bo‘lmaydi, lekin bu ayolning shunday ahvolga kelishiga, jamiyatda bo‘layotgan xodisalar, ayol atrofida yuz bergan xatoliklar va albatta, u yerda turgan insonlar sabab bo‘lgan, deb o‘ylayman. Qo‘ni-qo‘shni, MIB, IIB xodimlari, qolaversa kadastr, notariusdan boshlab hammasi aybdor. Albatta, bo‘lib o‘tgan xodisaga, huquqiy baho beriladi. Siz bilan bizga o‘xshab tahlil qilinadi, ammo endi kech, chunki inson yo‘q. Farzandlari endi ona mehrisiz katta bo‘ladi. Onasi butun umr bolam deb o‘tadi. Bunday hodisalar, albatta, O‘zbekistonning imidjiga dunyo hamjamiyati oldida ta’sir qo‘rsatuvchi, salbiy omillaridan biri, deb o‘ylayman.
Q.Sh.: — O‘zbekistonning bugungi islohotlariga ana shu bitta voqea salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkinmi?
S.X.: — Albatta, ta’sir qiladi. Chunki xorijiy investorlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishdan oldin, yetti marta emas, yetmish marta o‘lchab ko‘rishadi. Esimda, 2018 yil bizga investitsiya olib kirmoqchi bo‘lgan 700 ta chet el investorlari har xil sabablarga ko‘ra, o‘z sarmoyalarini kiritmasdan, qaytib ketishgan. Kimdir aytar, qaytsa qaytibdi deb. Ammo, ularning bizga olib kiritgan investitsiyasi tufayli, qancha-kancha yangi ish o‘rinlari ochilishi mumkin edi. Qancha yigit-qizlarimiz, chet elga ish axtarib, oilasidan uzoqqa, yurtni tark etib ketmas edi...
Q.Sh.: — Siz dunyo maydonlariga chiqqan ayolsiz, ko‘plab xalqaro tashkilot va ekspertlar bilan muloqotda bo‘lgansiz. Ularning bo‘layotgan hodisalardan xabari bormi va bu bitta voqea qanchalik ta’sirini o‘tkazadi?
S.X.: — Ijtimoiy tarmoqlarda siz va men ko‘rgan narsani xalqaro ekspertlar ham albatta ko‘radi, kuzatadi va tahlil qiladi. Ularda, nafaqat bizni, balki boshqa rivojlanayotgan davlatlarni kuzatib, tahlil qiladigan Markazlar va Institutlar faoliyat yuritadi. Bilasizmi, ular bitta emas, shunga o‘xshash yarimta holat qayd etilsa xam, o‘ylanib investitsiya kiritadi. Bunday ishlarni ko‘zdan qochirishmaydi. Bizda esa bunday holatlar qancha bo‘layotgani o‘zingizga juda yaxshi ayon.
Sardobani olsak, albatta toshqindan so‘ng davlat tomonidan ancha ishlar qilindi, yangi uylar qurilib, butun O‘zbekistondan gumanitar yordam ko‘rsatildi. Ammo, nega suv ombori fojiasiga yo‘l qo‘ygan rahbarlar javobgarlikka tortilganini eshitmadik? Chet el ekspertlari ham bu savolga javob qutishayapti. Nega Sardoba suv omborini qurib bitkazildi degan hujjatga imzo chekkanlarning ehtiyot chorasi qamoqqa olish etib belgilanmadi? Qanchadan-qancha odam zarar ko‘rdi, axir. Nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston ham zarar ko‘rgan. Hozir etibor bersak, 1 200 ga yaqin odam makatablarda, Oqoltin tumanida 50 taga yaqin oila ko‘chada, chaylada yashayapti. Bolalar Ombudasmani Aliya Yunusova bilan Sardobaga bordik, u yerdagilarning ahvolini o‘rgandik. Oqoltin tumanidagi 500 nomli qishloq axolisini chaylalarda, yosh bolalari bilan kun kechirayotganini ko‘rib juda achindik. Aholi bilan gaplashganda na deputatlar, na boshqa tashkilotlar ularning ahvolidan xabar olmaganini aytishdi. Viloyatga berilgan gumanitar yordam xaqida faqat eshitishgan, ammo ularga yetib kelmaganini aytishdi. Mahalla oqsoqolining qiliqlari va soliq xodimlarining noqonuniniy talablari odamlarni murojaat qilishga majbur qilgan. Biz xam ularning ahvolini ko‘rib, achindik va mutasaddi tashkilotlarga yakuniy hujjat taqdim qildik.
Q.Sh.: — Namanganlik ayol hodisasiga qaytsak. Bu bilganimizdir balki, bilmagan hodisalarimiz qancha... Bu vaziyat mamlakatda gender tengligi, ayollar huquqini himoya qilish, oddiy MIB xodimining nazarida qanday ekanini tasvirlaydi, degan xulosalarni keltirib chiqaradi. Bu shunchaki bekor bo‘ldi-da deydigan hodisa emas. Buning uchun dod solish kerak, yig‘lash kerak, ayollar yonyapti. Bu vaqtda esa Senatimiz raisi BMTning katta minbarida O‘zbekistonda ayollar huquqlari xususida ma’ruza qilayotgan edi.
S.X.: — Biz Mustaqillikning boshidanoq gender tengligi haqidagi qonunni qabul qilish zarurligi to‘g‘risida gapirib kelganmimz. 15 yil deganda Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli “Teng huquqlar va teng imkoniyatlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ammo, bugun gender bilan tenderni almashtiradigan rahbarlarimiz ham yo‘q emas. Ayrim rahbarlar juda salbiy qabul qilishdi. Albatta, hali ko‘p tushuntirish ishlarini olib borishimiz kerak. Bilasizmi, gender tenglikka Namangan voqeasining nima aloqasi bor, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Aslida juda ko‘p narsa bog‘liq. Masalaga eng boshidan baho beraylik. Bu ayol o‘z-o‘zidan shu ahvolga tushib qolmagan. Oilada ko‘rgan qiyinchiliklari, yon-atrofdagilarning unga bo‘lgan munosabati, yengil tabiat degan tuhmatlar... Bu kabi azobdan ayol o‘z muammosi ichida yakkalanib qolgan. Agar u ayol o‘z xuquqlarini bilganda, balki bu holatgacha kelmasdi. Hamma balo xuquqiy savodsizlikdan, xuquqiy madaniyatimizning pastligidan.
Albatta, biz hali mahallalarga yetib bormadik. Ba’zilar gender — bu ayollarning hokimiyatga bo‘lgan intilishlari deb hisoblashadi. Haqiqatda esa, bu erkaklar va ayollar masalalari bilan bog‘liq keng va dolzarb muammo — har ikki jinsning imkoniyatlari tengligi deb aytish mumkin. Shubhasiz, ayollarning jamiyatda muammolari ko‘proq, shuning uchun ayollarga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda dunyo bilan aloqalar, ta’lim, fan, madaniyat, ijtimoiy siyosat tizimidagi gender nuqtayi nazari yangi qarash prototipi, jamoatchilik bilan aloqalar va o‘zaro munosabatlarning yangi moduli sifatida qabul qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayollarning qanday qiynalayotganini ko‘ryapmiz. Ayollarga bo‘layotgan tazyiqlarning umumiy sonini ko‘rib, gender tengligiga hali ancha bor ekan, deb o‘ylab qolamiz.
Q.Sh.: — Gender tengligini bugungi kunda huquq posbonlari qanchalik anglayapti, tushunyapti va amalda qo‘llayapti?
S.X.: — Kechirasiz, huquq sohasi posbonlari ham siz bilan bizga o‘xshagan oddiy odamlar. Ichki ishlar xodimlarini yoki boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarini olsak, gender nima ekani, “Teng huquqlar va teng imkoniyatlar to‘g‘risida”gi qonunning mazmuni nimadan iborat, nima talab qilayotgani ularga hali yetib ham bormadi. Ularning bunga jismonan vaqti yo‘q. Ular o‘zining har kunlik topshiriqlari bilan band. Yetib borishi uchun ularni tizimli ravishda o‘qitish zarur.
Q.Sh.: — Namanganlik ayolga nisbatan ayblovlar hali ham davom etyapti. Masalan o‘zini yoqmasa bo‘lardi, ikkita bolasini yana davlatning bo‘yniga qo‘yib ketdi, degan gaplarni eshitdim. Kechirasiz, u bir yil zahar yutib yashagan, har gal eshik qoqib kelishganda, yostig‘idan nayza sanchilganini faqat o‘zi his qilgan. Hech bir odam shunchaki bu darajaga bormaydi. Uni kuygandagi azobini tasavvur qiling. Demak, u kuygandan battar azobni chekib yashagan. Yuqorida aytib o‘tdingiz, kadastr, notarius idoralari qayerga qaragandi, nima uchun bu ayolgacha ishlamagan qonunlar, uyni tortib olishga kelganda ishlab qoldi?
S.X.: — Albatta bu mening shaxsiy fikrim, ushbu vaziyatda MIB xodimlarining ham qandaydir manfaatlari bo‘lgan. Nega aynan bu ayolga bosim qilishgan? Men uch yil Sud qarorlarini ijro etish Departamenti direktori o‘rinbosari bo‘lganman va aynan shu ijro ishi bo‘yicha shaxsiy fikrim shuki, tashqi bosimsiz, manfaatsiz bo‘lmagan. Chunki ijrochining mingta ishi bor va aynan shu ijro ishiga shu darajada kirishishi, albatta, xaq ekanligimdan dalolat.
Q.Sh.: — Siz prokuraturada ishlagansiz, bunday vaziyatda tenglik huquqi bo‘lishi kerakmi?
S.X.: — Sud qaror chiqargan, MIB xodimi ushbu qarorni bajaryapti. Lekin qanday bajaryapti? Masala ham shunda. MIB xodimi holatni ko‘rib, ayolni tinchitib, uni to‘xtatib, kerak bo‘lsa qo‘lidan benzinni olib qo‘yib, keyin o‘z vazifasini bajarashga kirishishi kerak edi. Shunda ham qo‘pol muomala qilmasdan, tushuntirishga xarakat qilishi zarur edi. Afsus, sud ijrochilarning aksariyati yosh yigitlar, men ishlagan davrlarda xodimlarning 47 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega edi. Ular uz ustida ishlamaydi, chunki jismoniy va ruhiy zo‘riqish juda yuqori. Ular kunlik bosim bilan ishlaydi.
Q.Sh.: — Hududlarda ko‘p bo‘lasiz, ayollar nimalardan qiynalyapti? Oldin bizda qotib qolgan stereotiplar bor edi. Qaynona-kelin yoki mushtumzo‘r er. Demak, ayolning muammolari faqat uy ichida emas ekan.
S.X.: — Ayolning muammolari tumonat. Uyda oila, qaynona, qaynsingil va qaynotalar qosh-ko‘zi, ro‘zg‘or, farzandlar muammolari, ko‘chaga chiqqanda ishsizlik muammosi. Huquqiy nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekistonda gender kamsitishlar mavjud emas. Mamlakatimizda asosiy qonun, Konstitutsiya bilan boshlanib, boshqa qonun hujjatlariga qadar bu masalada hamma qonun me’yorlari mukammaldir. Ayollar huquqlarini 100 dan ortiq qonunlar himoya qiladi. Ammo, aholining xuquqiy savodxonligi, bugungi kun talabiga javob bermasligi tufayli, ayrim qonunlar ishlamayapti. Holbuki, biz qanchadan-qancha xalqaro hujjatlarni e’tirof etganmiz. Men bir narsani doim aytaman. Bizda stereotip ishlayapti, mentalitet, urf-odat ishlayapti. Lekin qonunlarimiz to‘liq ishlayapti, deb aytolmayman.
Hech ikkilanishsiz yana taqrorlaymanki, bunga katta rahbarlardan tortib, mahallada ishlayotgan oddiy xodim va fuqarogacha huquqiy savodxonligi nihoyatda pastligi sabab bo‘lmoqda.
Biz huquqi poymol bo‘layotgan ayollar haqida OAV, ijtimoiy tarmoqlardan bilyapmiz. Qolaversa, juda ko‘p ayollar shaxsan murojaat qiladi. Nafaqat ishxonada, balki oilaviy hayotda ayollarga nihoyatda qiyin. Biz Samarkandlik ayol bilan bog‘liq voqealarni, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida rafiqasiga axlat yedirayatgan erkaklarni ko‘rib, hayratdan yoqa ushladik. Shaharda yashayatgan ayolning xam, qishloqdagi ayolning ham muammosi bitta – xuquqiy savodsizlik, o‘zini o‘zi himoya qila olmaslik. Erkakka kelsak, farzandlarining ko‘z oldida o‘z jufti halolini shunday kamsitishi – sog‘lom insonning ishi emas.
Biz kabi nodavlat tashkilotlarning asosiy vazifasi jamiyatimizda kechayotgan shunday jarayonlarga befarq bo‘lmasdan, aholining, ayniqsa, ayollarning xuquqiy madaniyatini oshirishdan iborat. Biz buni yaxshi tushunamiz va doim shu masala bilan shug‘ullanamiz. Oxirgi 3 yil ichida respublika bo‘yicha turli tadbirlar orqali, 5 mingta odamni xuquqiy madaniyatini oshirishga harakat qildik.
Q.Sh.: — Sayyora Otaxonovna, siz gender tengligi mahallalar, oilalarga yetib bormadi deb aytyapsiz. Agar davlat idoralariga yetib bormagan bo‘lsa, mahallalarga qanday kirsin?
S.X.: — Bizning asosiy muammomiz ham shu. “Teng huquqlar va teng imkoniyatlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi yaxshi, lekin bu 50 foiz ish. Qonun kuchga kirganiga bir yil bo‘ldi, biroq uni hali ham ayrimlar hazm qila olmayabdi. Ayniqsa, erkaklar jamiyati, ular orasida hatto, ayrim siyosiy partiyalar rahbarlari ham bor. Yoshlar orasida, kimga kerak bu gender tengligi, degan gaplarni eshityabmiz. Ayollar uyda o‘tirsin, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullansin, deyishadi. Ular gender tushunchasini boshqacha tushunishadi. Genderni faqat ayollarning rahbarlik lavozimiga intilishi deb o‘ylashadi, lekin bunday emas. Gender – bu erkak va ayollarga teng imkoniyat yaratish degandir. Bizda ayollar orasida 500 nafar fan doktorlari, 3 mingdan ortiq fan nomzodlari bo‘lishiga qaramay, ayollar orasidan bor-yo‘g‘i bir kishi rektorlik lavozimini egallagan. Qancha-qancha iqtidorli ayollarimiz bor. Nega, boshqa sohalarda rahbar ayollar kam, yoki ular umuman yo‘q? Yana takror aytaman, bizni qonun emas, stereotiplar boshqaryapti.
Mentalitetni, stereotiplarni o‘zgartirish uchun vaqt kerak. Har qanday xalqning mentalitetini o‘zgartirish uchun uch avlod o‘zgarishi lozim, deyishadi olimlar. Tomchi toshni teshadi, hozirgi taraqqiyparvar ayollar hamjamiyati bizdan keyingi avlodga ayollar huquqlarini himoya qilish masalalarida yanada madaniyatli jamiyatni qoldirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.
Q.Sh.: — Agar bularni faqat avlodlar almashinuvi bilan bog‘lasak, suhbatni yakunlasak ham bo‘ladi. Biz avlodlar almashuvini kutib o‘tirsak, idorada ham, quyi tizimda ham o‘zgarish bo‘lmaydi. Avlodlar o‘zgarishi ham odamlarning o‘zgarishidan boshlanadi. Jamiyatni o‘zgartirmoqchimisan, avval o‘zingni o‘zgartir, deyishgan. Keling, Guljahon Yo‘ldosheva masalasida gaplashaylik. Ayol kishi aldayotgan yoki nimadandir qo‘rqayotgan bo‘lsa, yoki aybini parda ortiga yashirayotgan bo‘lsa, buni ayollar sezadi. Siz Yo‘ldoshevaning intervyusida, uning gaplaridan nimanidir yashirishga bo‘lgan harakatni sezdingizmi?
S.X.: — Ko‘p holatlarda prokuror va sudyalarning fikri sub’ektiv bo‘ladi. Yoki ularga bosim qilingan deb aytish to‘g‘ri bo‘ladi. Biz bilamizki, Guljahon Yo‘ldosheva SSVni keskin tanqid qilgan. Pandemiya davrida qanday kamchiliklar borligini o‘rtaga tashlagan va albatta, bu xolat ayrim rahbarlarga yoqmagan. Albatta, hammasi taxmin. Bir narsa deyish qiyin.
Q.Sh.: — Lekin tanqid qilib chiqqan shifokorlar ko‘p bo‘ldi-ku, nega aynan Yo‘ldasheva?
S.X.: — Demak SSV ning kuchi shu shifokorga yetgan.
Q.Sh.: — Bu ishda aralashuv borligiga aminmisiz?
S.X.: — Bu ham sub’ektiv fikr, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv bo‘lmasa ham, ta’siri baribir bo‘lgan. Chunki sohadagi kamchiliklarni ochib tashlashga qudrati yetganmi, demak bundanda ko‘p narsalarni aytishi ham mumkinligi ularda qo‘rquv uyg‘otgan. Hozir jurnalistlar u ayol bilan uchrasha olmaydi, unga savol bilan murojaat qilolmaydi. Menimcha, Guljahon Yo‘ldosheva ko‘p narsani biladi. Kamroq gapirsin degan maqsadda, balki, unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi belgilagan bo‘lishlari ham mumkin. Olti farzandning onasi, doimiy yashaydigan joyi ma’lum, hech qayerga qochmasligi ma’lum. Menimcha, bunday holatda unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasi – juda qattiq chora. Ochiqda qoldirish ham, yoki avval boshidanoq uy qamog‘ida saqlashlari ham mumkin edi.
Q.Sh.: — Men sizni 10 yildan beri taniyman. Undan oldin ham gapirgan ayolsiz. Oxirgi 10 yilda ham juda keskin gapirdingiz. Agar Yo‘ldosheva misolida olsak, O‘zbekistonda gapirish hali ham xavfmi?
S.X.: — Demak, xavfli ekan-da. Men ham avvallari bu darajada dadil gapirmasdim. Menga og‘ir-bosiq, moslashuvchan bo‘lish kerak, deb ko‘p aytishadi. Men og‘ir-bosiq, vazminman, lekin befarq emasman. Hayotda bo‘layotgan jarayonlarga befarq bo‘lib yashagandan ko‘ra, yashamaslik kerak. Bir umr tutab yashagandan, bir lahza yonib yashash, taftingizdan boshqalarni ham isitishingiz kerak. Qolaversa yurt taqdiriga befarq bo‘lish, kelajakka befarq bo‘lish bilan barobardir. Ertaga farzandlarimiz, nabiralarimiz qo‘ziga qanday qaraymiz? Shuning uchun ham, doim haqiqat yo‘lida, adolat yo‘lida bo‘lsak – adashmaymiz va pok vijdon bilan yorug‘ dunyoni tark etamiz.
Q.Sh.: — Guljahon Yo‘ldosheva ishi, Demokratiya va inson huquqlari institutiga, umuman, inson huquqlari faollariga, nodavlat tashkilotlarga qanday signal bo‘ldi?
S.X.: — Nafaqat Demokratiya va inson xuquqlari instituti, balki boshqa tashkilotlarga ham ushbu misol jiddiy signal bo‘ldi. Demak huquq-tartibot idoralari va sud-huquq sohasida ham yechimini kutayotgan muammolar talaygina ekan.
Umuman olganda, pandemiya davri barcha idoralarga katta sinov davri bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz shu yil mart oyidan hozirgi kungacha davlat idoralari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklarni umumlashtirib, tahlil qilyapmiz. Ko‘pchilik vazirlik va idoralarning qanday ishlayotgani, haqiqatan qanday ahvolda ekanini pandemiya, lakmus qog‘oziga o‘xshab, bizga yaqqol ko‘rsatib berdi. Kamchiliklar juda ham ko‘p ekan. Ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasidagi og‘riqli nuqtalarimiz va mavjud kamchiliklarimiz bisyor ekaniga guvoh bo‘ldik. OAVga berilgan erkinlik, ijtimoiy tarmoqlardagi ochiqlik bo‘lmaganda, balki mavjud kamchiliklar haqida hech narsa bilmagan ham bo‘lardik. Bugun esa ochiq muhokamalar yuqori bo‘lgani uchun fosh qilingan jinoyatlar to‘g‘risida ham xabardormiz. Albatta, buning uchun Prezidentimizga ming rahmat, chunki bunday imkoniyat avvalari jurnalist va blogerlarda yo‘q edi.
So‘ngi to‘rt yildagi eng katta yutug‘imiz – bu ochiqlik. Bemalol gapirish, fikr bildirish mumkin. Avval baribir o‘ylab gapirilgan. Lekin, o‘shanda ham gapirilgan. Hozir o‘ylamay gapiradiganlar ham bor. Birorta adolatsizlik bo‘lsa, yoki kimningdir huquqi poymol qilinsa, albatta, gapiriladi, yoziladi. Aynan shu oshkoralik bizga yo‘l ochdi. Inson huquqlari borasida ko‘zga tashlanayotgan nohaqliklar ham yaqqol ko‘rinadigan bo‘ldi. Chiroqchi, Andijon ichki ishlar bo‘limlarida ro‘y bergan voqealardan ochiqlik sabab xabardor bo‘lyapmiz. Aslida esa bunday voqealar avval ham bo‘lgan. Lekin yuzaga chiqmagan, gapirilmagan, gapirtirilmagan. Men shu sohadan chiqqanim uchun aytamanki, huquq-tartibot organlari xodimlari avval ham urishgan, avval ham tepishgan, kerak bo‘lsa, zo‘ravonliklar bo‘lgan. Lekin bunday voqealar haqida bugun emin-erkin xabar topayotganimizga asosiy sabab OAV, ijtimoiy tarmoqlar, sizga o‘xshagan jurnalistlarimizning bong urayotganida. Aynan jamiyatimizda ochiqlik siyosati bo‘lgani uchun ham biz bu voqealardan xabardormiz va o‘z fikrimizni erkin bildira olamiz.
Yo‘ldosheva voqeasidan biz shunday xulosaga keldikki, tizimli xatolar ko‘p. Prezident shu yil boshida Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomalarida aytib o‘tdilar: jamiyat islohotlar tashabbuskori. Bizga, nodavlat tashkilotlarning qo‘liga bayroq berildi. Bu gaplar bejiz aytilmadi. Ular bizdan juda ko‘p tashabusslarni kutyaptilar. Ammo, hamma nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bir xil ishlashmayapti. Qo‘limizda juda ko‘p qonuniy imkoniyatlar mavjud. Masalan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlarni olsak, nodavlat tashkilotlarning qo‘lida juda katta imkoniyatlar bor. Ammo ular ham, berilgan qurol – qonunlarni qanday qo‘llashni bilmaydi va ularni ham o‘qitishimiz zarur.
Hozirgi og‘riqli nuqtamiz – bu huquq-tartibot organlari. Ayollarga bo‘lgan zo‘ravonlik ham, ayollarni yechintirish ham ulardan chiqyapti. Chiroqchi va Andijon, qolaversa, boshqa shunga o‘xshash voqealar ham huquq-tartibot idoralarining kamchiliklarini yaqqol ko‘rsatib beryapti. Bu soha xodimlarining xam huquqiy, siyosiy, madaniy saviyasini oshirish uchun tizimli ish olib borish zarur.
Q.Sh.: — Aslida ishlamaydigan qonunlarimiz ko‘p.
S.X.: — Men o‘zimizga taalluqli qonunlarni nazarda tutyapman, agar bir yoqadan bosh chiqarib, davlat idoralari nodavlat tashkilotlar bilan birga ishlasa, bunday salbiy holatlar kamroq bo‘ladi. Yo‘q qilish, albatta, murakkab, lekin kamroq bo‘ladi.
Q.Sh.: — Sayyora Otaxonovna, nima uchun Norboyeva, Saida Mirziyoyeva munosabat bildirgandan keyin Guljahon Yo‘ldoshevaga Bosh prokuror tashabbusi bilan ehtiyot chorasini almashtirishdi. Yo qonunlarimiz ishlashi uchun ularni turtib turish kerakmi?
Munosabatlar ortidan ishlaydigan qonunchilik. Bu vaziyatda demokratik jamiyatda aslida ishlashi kerak bo‘lgan qonun, faqat kimdir turtki bersa ishlaydigandek ko‘rinib qoladi.
S.X.: — Qamariddin, bu o‘zbekchilik, bu stereotip. Birorta rahbar turtkilashi emas, qonun o‘zi ishlashi kerak. Mana shu 4 yil ichida rahbarimizning siyosiy irodasi sabab ko‘p narsalar o‘zgaryapti. Ammo, qachongacha ayrimlar yuqoridan tashabbus, topshiriq kutib yashashadi? Qachon o‘zlari tashabbus bilan chiqib, yangicha ishlashadi? Mana, muammo kayerda.
Q.Sh.: — Demak sudlar hali ham sust ishlayapti, yoki...
S.X.: — Sudlarni bugun tom ma’noda mustaqil, deb aytolmaymiz. Yillab yig‘ilib kelgan, qotib qolgan tizim ta’siri bor. Sud idoralari ularga berilgan vakolatlar keng bo‘lishiga qaramay, o‘zini hamon uchinchi hokimiyat ekanini sezmayapti. Mustaqillikning boshidanoq, sud-huquq islohotlari jadal olib borildi. Qonunlarimiz liberallashdi, sudyalarning mavkeini oshirish yo‘lida bir qancha Prezident farmonlari qabul qilindi. Ularga katta imkoniyatlar va imtiyozlar berildi, maoshlari ko‘tarildi. Sudyalar ham davlat tomonidan berilgan e’tiborni oqlashlari zarur edi, chunki ularni qo‘lida ham juda katta kuch bor. Qolaversa, tom ma’noda uchinchi hokimiyat bo‘lishiga davlat tomonidan misli qo‘rinmagan ishlar qilindi. Endi, ulardan biz jamiyat halol mehnatni va adolatli hukm va qarorlarni kutib qolamiz.
Q.Sh.: — Muammolar kadrlar bilan bog‘liq emasmi?
S.X.: — Men o‘tgan yili Prezidentga yozgan ochiq xatimda ham asosiy muammo – kadrlar masalasi, deb yozgandim. Bizning eng asosiy og‘riqli nuqtamiz – bu kadrlarni to‘g‘ri tanlab, joy-joyiga to‘g‘ri qo‘yishda. Bizda tanish-bilish orqali kadr tanlash, mahalliychilik kuchlilik qiladi. Bu hali ham davom etmoqda va davom etadi. Siz bu holat bir kunda o‘zgarishini kutmang. Kadrlar masalasi nihoyatda murakkab masala. Ayrim rahbarlarimizning ongini o‘zgartirmas ekanmiz, mana shunday ahvol bo‘lib qolaveradi va yaxshi kadrlarimiz chetga chiqib ketaverishadi.
Q.Sh.: —O‘z vaqtida Yuristlar malakasini oshirish institutida direktor o‘rinbosari bo‘lib faoliyat olib borgansiz. O‘sha vaqtlarda qayerda edingiz, nega gapirmadingiz?
S.X.: — Nega gapirmadim, men doim gapirganman.
Q.Sh.: — Pora olganmisiz?
S.X.: — Hech qachon.
Q.Sh.: — Berganmisiz?
S.X.: —Hech qachon. Shuning uchun ham ko‘pchilikka yoqmaganman.
Q.Sh.:—Mayda va yirik korrupsiya hali ham mavjud, buni yaxshi bilamiz. Qaysi sohalarda korrupsiya mavjudligicha qolmoqda?
S.X.: — Siz yaxshisi qaysi sohada korrupsiya yo‘qligini so‘rang. Men bu sohaning mutaxassisi emasman, ammo bu illat barcha sohalarda borligini xammamiz bilamiz va uni yo‘q qilish oson emasligini ham tushunamiz.
Q.Sh.: — Korrupsiyani yo‘q qiladigan manbalarni yo‘q qilmasdan, biz korrupsiyani yo‘q qila olamizmi? Masalan, maktab direktori maktabni yangi o‘quv yiliga ta’mirlash uchun korrupsiyaga yo‘l qo‘yadi.
S.X.: — Bu kabi salbiy ishlar avvaldan qolgan. Buni yo‘q qilish uchun vaqt zarur. Davlat tarafidan xam harakatlar qilinayapti, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi, “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida” Qonun loyihasi tayyor va muhokama qilinyapti. Maktablarga kelsak, ularda hamon bu illat borligini bilamiz. Nafaqat maktab, boshqa sohalarga ham nazar solsak, ularda ham korrupsiya holatlari yo‘q emas. Biz boshqacha ishlashni o‘rganishimiz kerak.
Q.Sh.: — Jamiyatda halol kadrlarning hurmat topishiga qancha vaqt kerak bo‘ladi? Halol kadrlar bor, lekin ular hurmat topmayapti.
S.X.: — Juda qiziq savollar beryabsiz. Menimcha, buning uchun jamiyat o‘zgarishi zarur. Oyliklar xizmatiga yarasha to‘lanmasa, korrupsiya yo‘q bo‘lmaydi. Birinchi qadamni shundan boshlash kerak. Bizda ayrim tariflar sobiq ittifoq davridan qolgan. Mustaqil bo‘lganimizga sal kam 30 yil bo‘lyapti. Oylik maoshlarni oshirish – poraxo‘rlik va korrupsiyaning oldini olish omillardan biridir. Kechirasiz-ku mahalla noziri, mahalla maslahatchisi bo‘lib ishlayotganlarga mavjud oylikka sabr qilayotganiga ham rahmat deyishimiz kerak. Oilasidan kechib, huzur-halovatidan kechib, o‘ziga kasal orttirib ishlaganiga rahmat deyishimiz kerak. Ammo, ularning ichida xam har xili bor. Besh qo‘l barobar emas. Ayrimlari jinoyat yo‘liga kirishdan tap tortmaydi.
Q.Sh.: — Yuqorida gender tenglik haqida gaplashdik. O‘zbekistonda pora olayotgan ayollar qancha?
S.X.: — Menda aniq raqamlar yo‘q. Lekin erkaklarga nisbatan, pora olgan ayollar soni juda kam.
Q.Sh.: — O‘zbek jamiyatida ayollarni erkaklarga nisbatan halol deya olamizmi?
S.X.: — Albatta, ayollar halol. Ayollar tabiatan yaratuvchanlik qobiliyati bilan ajralib turadi. Ayolning ortida oilasi, farzandlari bor. U tinchlik va xotirjamlik tarafdori. Shuning uchun ham rahbar ayollar kamdan kam hollarda bunday jinoyat turlariga qo‘l urishadi.
Q.Sh.: — Jamiyat o‘z o‘tmishi bilan hisoblashmasa, unda demokratiya va inson huquqlarining rivojlanishi qiyin kechadi. Biz buni tarixdan ko‘rganmiz. Siz bundan oldingi davrni ko‘rgan ayol sifatida Islom Karimov rahbarligidagi O‘zbekiston, u davrdagi inson huquqlari va bugungi O‘zbekiston, bugungi inson huquqlariga qanday baho bera olasiz? 2016 yilgacha O‘zbekistonda inson huquqlari so‘zidan boshqa amaliy natija bormidi?
S.X.: — O‘tmishsiz kelajak yo‘q, deyishadi. Tarixni tadqiq qilish – bu mutlaqo noto‘g‘ri, deb o‘ylayman. Tarixni biz boricha qabul qilishimiz kerak. Uni tekshirib, to‘g‘ri yo noto‘g‘ri demasdan, xatolar o‘tgan bo‘lsa, xulosa qilish, yutuqlar bo‘lsa faxrlanib yashash kerak. Ammo, faqat oxirgi to‘rt yil ichida davlat tomonidan inson xuquqlarini ximoya qilish yo‘nalishidagi ijobiy ishlarni ko‘rmaslik – bu adolatsizlik bo‘ladi deb o‘ylayman. Jamiyatdagi ochiqlik, oshkoralik, Jasliq koloniyasining yopilishi, sud-huquq sohasidagi 100 ga yaqin qonuniy liberallashtirish ishlari, O‘zbekistonning shu yil 13 oktyabrda BMTning Inson xuquqlari bo‘yicha Kengashiga ilk bor a’zolikka saylanishi – o‘zgarishlarning ifodasi. Albatta, ushbu nufuzli tashkilotga a’zo bo‘lishimiz – yuksak e’tirof va ishonch, deb o‘ylayman.
Q.Sh.: — Sayyora Otaxonovna, siz bilan so‘nggi uchrashuvimiz O‘zbekistonda Parlament saylovlaridan oldin bo‘lgandi. O‘sha vaqtda deputatlikka nomzodi qo‘yilganlardan juda ko‘pining saviyasi deputatlikka javob bermaydi, degan fikrni aytgandingiz. Bu OAVda ham e’lon qilingan. Siz kutgan odamlar deputat bo‘la oldimi? Nima uchun bugungi jamoatchilik, 100 dan ortiq deputatlardan ikki yo uchtasini taniydi?
S.X.: — Men bo‘lib o‘tgan saylovlarga munosabat bildirishni istamasdim. Uni tahlil qilishgan va men ham o‘z fikrimni ijtimoiy tarmoqlarda bildirganman. Sifat jihatidan olsak, hamma ham deputat bo‘lib tug‘ilmaydi. Deputatlikka saylandimi, men ushbu yuksak ishonchga mos bo‘lish uchun harakat qilishim kerak, degan fikr bo‘lishi lozim.
Q.Sh.: — Uch-to‘rt kun avval parlament saytiga kirdim. Namanganlik ayolning o‘zini yoqib yuborgani va Guljahon Yo‘ldosheva masalasi muhim bo‘lib turgan bir vaqtda, deputatlarimiz uchinchi rennesans qanday bo‘lishi kerak, mamlakatdagi o‘zgarishlar jarayoni, islohotlarimiz poydevori degan mazmundagi nutqlarini joylashtirishyapti. Bo‘lib o‘tayotgan hodisalarga munosabat bilan chiqayotganlar yo‘q. Menimcha, mamlakat parlamenti haqida umumiy xulosa va kayfiyat umuman uning portretini tasavvur qilish uchun, ikki yo uch deputat yetarli emas. Bu xalqaro hamjamiyat uchun ham kam.
S.X.: — Xalqaro hamjamiyatning ko‘zi ko‘r emas. Ular respublikadagi jarayonlarni bizdan xam ko‘proq qo‘zatishadi va katta xalqaro anjumanlarda shu savolni ko‘tarishadi: nega deputatlar faolligi sust?
Siz haqsiz, ayniqsa, hozir Prezident ham o‘ziga katta talablar qo‘yib ishlayotgan bir vaqtda, boshqa davlat idoralari ham, shu jumladan deputatlar ham davlat rahbarining olgan tempiga qarab intilishlari va moslashishlari kerak. Prezidentimiz qonunlarning sifatini juda ko‘p tanqid qildilar, parlament ishiga talab qo‘ydilar. O‘tgan vaqt ichida parlament o‘zgardimi yo yo‘q? Ana shu savolga javobni Prezidentning yil yakuni bo‘yicha Oliy Majlisga Murojatnomalaridan bilamiz.
Q.Sh.: — Aslida pandemiya davri ham deputatlar uchun yetarlicha sinovli keldi va o‘z faoliyatini amalga oshirishiga imkoniyat bo‘ldi. Ayrim deputatlarning faol fuqarolik pozitsiyasi, deputatlik pozitsiyasi, nazorat qilish pozitsiyasi yo‘qligini ko‘rdik. Nega faqat Kusherboyev, uning hamma aytganlarini ham to‘g‘ri, deya olmaymiz.
S.X.: — To‘g‘ri. Kusherboyev o‘zida gapirish uchun jasorat topyapti. Mayli, ayrim holatlarda uning gapi to‘g‘ri emasdir, muhimi u gapiryapti. O‘z fikrini bildiryapti, deputat uchun bu juda kerak. Bu bizning parlamentimizga ham kerak xususiyat, deb o‘ylayman. Boshqa deputatlar ham o‘z fikrini bildirishi shart. Masalan, u yerda o‘tirgan 30 foiz ayol deputatlar namanganlik o‘zini yoqib yuborgan ayol va Guljahon Yo‘ldosheva ishi yuzasidan munosabatini bildirishi kerak edi. Men ulardan shuni kutgandim. Balki namanganlik deputatlar munosabat bildirar deb o‘yladim, afsus, bunday bo‘lmadi.
Q.Sh.: — Biz deputatlarning samimiyati yo‘q deb ayta olamizmi? Har bir ishda samimiyat kerak.
S.X.: — To‘g‘ri, xaqsiz, samimiyatda gap ko‘p. Ammo, samimiyat bilan birga, jasorat ham kerak! Qo‘rqmasdan dadil gapira bilish kerak. Men nega ayrim deputatlar, o‘zlarida kuch topib, u yoki bu dolzarb masalalar bo‘yicha, chiqib dadil fikr bildirmaganining sababini bilmayman. Bu savolni siz ularga berishingiz kerak. Taxminiy xulosalarim bor, albatta.
Q.Sh.: — Qanday xulosalar?
S.X.: — Aytmasam ham bo‘ladimi?
Q.Sh.: — Agar siz buni ma’qul ko‘rsangiz bo‘ladi.
S.X.: — Hech kimni xafa qilish niyatim yo‘q. Deputatlar orasida men hurmat qiladigan insonlar ko‘p. Qandaydir sabablarga ko‘ra, bo‘layotgan jarayonlarga o‘z fuqarolik pozitsiyasini, munosabatini bildirmasdan ayrim holatlarda jim o‘tirishadi. Bu deputatga yarashmaydigan holat deb bilaman. Deputatlikka da’vogar bo‘lgan kunidan boshlab, u hamma narsani mahalliychilik, o‘zbekchilik, qarindosh-urug‘chilik va ishiga halal berishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlarni esdan chiqarishi kerak. Xalq saylagan deputat bo‘lganidan keyin, o‘sha xalqning muammolarini ko‘tarib chiqish uchun o‘zida jur’at topishi lozim. Jur’at yo‘qmi, ketish kerak. Men haqiqiy deputatni jur’atli va o‘zida ochiq gapirishga kuch topa oladigan, qat’iyatli, hech narsadan qo‘rqmaydigan insonlarni tasavvur qilaman. Bunday insonlar Yangi O‘zbekistonga suv va havodek zarur.
Q.Sh.: — Sayyora Otaxonovna, ana shu jur’at sizni hech qachon tark etmasin. Suhbat uchun rahmat.
LiveBarchasi