Bugun Husanov va “Manchester Siti” APLda 3-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin

Sport

image

Bugun, 8 mart kuni Angliya Premer-ligasining 28-turi doirasida markaziy uchrashuvlardan biri “Nottingem” - “Manchester Siti” o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvning ahamiyati va o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning asosiy tarkibda maydonga tushish imkoniyati haqida to‘xtalib o‘tamiz.

“Shaharliklar” kuchli uchlikka kirishi mumkin

Angliya Premer-ligasi 28-turiga qadar ikki jamoa turnir jadvalida yonma-yon kelmoqda. Dastlab, “Nottingem” bu turga qadar 48 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinda kelmoqda. Jamoa 14 g‘alaba, 6 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. “O‘rmonchilar” mavsum startini ajoyib tarzda boshladi va kutilmaganda turnir jadvalida yuqorilay boshladi. Yetakchilarga yaxshigina qarshilik ko‘rsata boshladi. “Arsenal” va “Liverpul” bilan durang qayd eta oldi. “Tottenxem” va “Manchester Yunayted”ni mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi davrada esa “Manchester Siti” o‘z uyida “Nottingem”ni 3:0 hisobida mag‘lub etgan. “Shaharliklar” 28-turga qadar 14 g‘alaba 5 durang va 8 mag‘lubiyat qayd etib, turnir jadvalida 47 ochko jamg‘argan holda 4-o‘rinni band etgan. Ochkolar farqi 1 tani tashkil etadi va agar “Manchester Siti” g‘alaba qozonsa, 3-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin.

Husanovni asosiy tarkibda ko‘ramizmi?

O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov o‘zining ishonchli o‘yini va jamoa tarkibidagi yo‘qotishlarni hisobga olganda, bugun ham asosiy tarkibda maydonga tushish ehtimoli yuqori. Klubning asosiy himoyachilari Natan Ake va Jon Stounz uzoq muddatga safdan chiqdi. Yana bir himoyachi Vitor Reysda esa bunday katta o‘yinlarda o‘ynash tajribasi yo‘q. Yagona variant himoya markazida Ruben Diash va Abduqodir Husanov tandemi. Namoyish etayotgan o‘yinlari sabab, Husanov fevral oyida “oyning eng yaxshi futbolchisi” bo‘ldi. Klub murabbiyi Gvardiola ham o‘zbekistonlik himoyachiga ishonch bildirib kelmoqda. Kubok doirasidagi so‘nggi o‘yinda, “Plimut”ga qarshi bahsda jamoaning asosiy futbolchilari kabi Husanovga dam berildi. 

Taxminiy tarkiblar

Dunyoga mashhur bir nechta nashrlar “One football”, “Sporting News”, “Opta” kabilar “Nottingem”-“Manchester Siti” o‘yiniga o‘zining taxminiy tarkiblarini e’lon qildi.

“One football” talqiniga ko‘ra “Manchester Siti” tarkibi:

Ederson, Nunes, Husanov, Diash, Gvardiol, Niko, Kovachich, Savino, Doku, Marmush, Xoland.

“Sporting News” talqiniga ko‘ra “Manchester Siti” tarkibi:

Ederson, Nunes, Husanov, Diash, Gvardiol, Niko, Kovachich, Foden, Doku, Marmush, Xoland.

“Opta” talqiniga ko‘ra “Manchester Siti” tarkibi:

Ederson, Nunes, Husanov, Diash, Gvardiol, Niko, Kovachich, Savino, Doku, Marmush, Xoland.

Ma’lumot o‘rnida, “Nottingem”-“Manchester Siti” o‘rtasidagi o‘yin bugun, 8 mart kuni Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Siti Angliya Prem'er-ligasi 28-turi Nottingem

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing