Bo‘g‘ilgan “qirolicha”, yengil vaznda yangi gegemon paydo bo‘ldi – UFC 269 turniri yakunlandi
Sport
−
12 dekabr 2021
7477Bugun, 12 dekabr kuni AQSHning Las-Vegas shahridagi “T-Mobile arena”da UFC 269 turniri o‘tkazildi. Oqshomning asosiy jangida yengil vazn toifasida Jahon chempioni, braziliyalik Charlz Oliveyra (32-8) divizionning birinchi raqamli jangchisi amerikalik Dastin Poreni (28-7) mag‘lub etdi va o‘z unvonini saqlab qoldi.
Bellashuning 3-raundida Oliveyra raqibini bo‘g‘ib oldi, Pore esa jangni davom ettirmaslikka qaror qildi. Ushbu jangga qadar Charlz Oliveyra ketma-ket to‘qqizta jangda g‘alaba qozongan edi. Katta ehtimol bilan braziliyalikning navbatdagi jangini Jastin Getjiga (23-3) qarshi o‘tkazadi.
Yana bir chempionlik jangi ayollar o‘rtasida yarim yengil vazn toifasining mutlaq chempioni, UFC qirolichasi braziliyalik Amanda Nunes (21-5) va amerikalik Julianna Penya (14-4) ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Yil sensatsiyasi sifatida qabul qilingan bahsning ikkinchi raundida Penya Nunesni bo‘g‘ish uslubi bilan mag‘lubiyatga uchratdi. Unga qadar esa bir nechta kuchli zarbalar yo‘llab, muvozanatdan chiqarishga ham ulgurgan edi.
Shu tariqa, 33 yoshli Amanda 2015 yildan buyon ilk bor UFC’da mag‘lub bo‘ldi, 32 yoshli Julianna esa yarim yengil vazn toifasining yangi chempioniga aylandi.
Ma’lumot uchun, UFC 269 joriy yilning eng so‘nggi katta turniri edi. UFC 270 musobaqasi esa 2022 yilning 24 yanvar kuni o‘tkaziladi va markaziy jangda superog‘ir vazn toifasi chempioni Frensis Ngannu (16-3) hamda vaqtinchalik chempioni Siril Gan (10-0) o‘zaro bahs olib boradi.
LiveBarchasi