“Bu Suriya emas”. Qarshidagi yotoqxona abgor ahvoldaligi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi abgor ahvolga kelib qolgan nogironlar va imkoniyati cheklanganlarning 2-sonli yotoqxonasi suratlari tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Suratga keltirilgan izohlarda Bu yer Suriya yoki Iroq emas, O‘zbekistondagi bino ekani aytiladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Qarshida imkoniyati cheklanganlar yotoqxonasi xaroba holga kelib qolgani bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma’lum qilishicha, Qarshi shahri, Shodlik mahallasida joylashgan 2-sonli yotoqxona binosi 2019 yil 3 maydagi oldi-sotdi shartnomasiga asosan tadbirkor Anvar Jovliyev tomonidan (№1271-sonli kadastr raqam) sotib olingan. Ya’ni, bino 2019 yildan buyon 2-sonli yotoqxona emas, qonuniy tadbirkorning xususiy mulki hisoblanadi.

Qayd etilishicha, binoda jami 120 ta xona mavjud bo‘lib, shundan, 18 tasi yordamchi xonalar (oshxona, yuvinish xonasi, omborxona), 102 tasi yashashga mo‘ljallangan xonalardan iborat. O‘rganishlar jarayonida bugungi kunda 64 ta xonada fuqarolar noqonuniy yashab kelayotgani,  ular turli hudud(tuman/shahar)lardan kelib, o‘zlari o‘zboshimchalik bilan yotoqxonaga joylashib olgani, tadbirkor bir necha bor ogohlantirishiga qaramasdan ular xonalardan chiqmagani aniqlandi. 

“Tadbirkor A.Jovliyev insoniylik jihatidan ularning yashashiga ruxsat berishga majbur bo‘lgan. 

Qarshi shahridagi “yotoqxona” deb aytilayotgan bino bugungi kunda haqiqatdan ham ta’mirtalab ahvolda bo‘lib, tadbirkorga qarashli bo‘lgani sababli davlat tomonidan bu yerda ta’mirlash ishlarini olib borish qonunga zid”, deyiladi hokimlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, kecha, 9 dekabr kuni mazkur yotoqxona va uning atrofida tozalash, obodonlashtirish ishlari olib borilib, tartibga keltirilgan. 

“Ammo, bu bilan masala oxiriga yetib qolmaydi. Ya’ni, ko‘pchilik fuqarolarning o‘z yashash hududlarida ularning nomida uy-joylari mavjud. Shunday ekan, tez kunlarda kim uy-joyga muhtoj, kimning uy-joyi borligi o‘rganilib, har biri bo‘yicha oxirgi xulosalar beriladi.

Shunga qarab binoda yashab kelayotgan uy-joyi bo‘lmagan fuqarolarni kelgusida turar joylar bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Tumanlardan kelib binoga joylashib olgan fuqarolar avvalgi yashash manzillariga qaytariladi. Barcha fuqarolar muammosi tegishli tartibda hal etilganidan so‘ng bino tadbirkorga bo‘shatib beriladi”, deyiladi rasmiy munosabatda.


Maqola muallifi

Teglar

Qarshi yotoqxona

Baholaganlar

669

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing