“Bu sharmandalik” – Atamboyev bayonot bilan chiqdi (video)

Olam

Avvalroq, Qirg‘izistonning Qo‘y-Tosh qishlog‘ida mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlangani haqida xabar bergan edik. Birozdan keyin OAVda Atamboyev ushlangani aytildi.

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev maxsus operatsiyadan keyin rasmiy bayonot bilan chiqdi.

“Sizlarga alam bilan murojaat qilaman. Bugun hukumat kuchlari noqonuniy ravishda, Konstitutsiyani buzgan holda, meni qo‘lga olish uchun, Atamboyevning og‘zini yopish uchun, qurol bilan keldi va o‘z xalqini o‘qqa tutdi. Avvaliga rezinali o‘qlar bilan, oxirida – haqiqiy o‘qlar bilan. Bu sharmandali va alamli. Atamboyev — terrorchi emas. Uning atrofida yig‘ilgan insonlar – terrorchilar emas. Soat 19:30da odamlar odatdagidek kelib men bilan selfi tushishayotgandi. Begunoh odamlar jabrlandi. 

Albatta, oxir-oqibat ular maxsus topshiriqli guruh vakillarini surib tashlashdi, ularning ayrimlari nasibasini olishdi. Bilasiz, bu xalqning g‘azabi qanday.

Men bir necha marta aytganman, Batukayev ishi bo‘yicha xat ko‘rinishida javob berishga tayyorman. Rasman javob berishni, buni gazetalarda e’lon qilishni taklif qilganman. Hukumat esa Atamboyevning og‘zini berkitish uchun o‘z xalqini o‘qqa tutishdan qaytmadi. Bu sharmandalik. Hukumatga yana bir bor aytaman: To‘xtating!”, dedi Atamboyev.

Kecha, 7 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘ida Atamboyevni qo‘lga olish uchun maxsus topshiriqlar bo‘limi uning uyida operatsiya boshladi. Besh soat davomida Atamboyev tarafdorlari himoyani ushlab turdi. Yakunda maxsus bo‘linma cheknishga majbur bo‘lgan. Maxsus operatsiyada bir kishi halok bo‘ldi. Holat yuzasidan Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi surishtiruv boshladi.

Mamlakat Prezidenti Sooronbay Jeenbekov maxsus operatsiya haqida ma’lumot olgach, ta’tilini muddatidan avval tugatib, poytaxt Bishkekka qaytishga majbur bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.

Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.

Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

22 iyul kuni Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga kelgandi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi.

Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev

Baholaganlar

138

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing