Bu safar JCHda matematika: O‘zbekiston keyingi bosqichga chiqishi mumkin
Sport
−
24 iyun 14170 5 daqiqa
Portugaliyaga qarshi 5:0 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatidagi istiqboli ancha murakkablashdi. Biroq hisob tablosidagi natija o‘yin manzarasini to‘liq aks ettirmaydi. Maydonda nima sodir bo‘ldi, jamoa qayerda yutqazdi va nega pley-off uchun imkoniyatlar hali ham saqlanib turibdi? Quyida ushbu savollarga raqamlar va o‘yin tafsilotlari asosida javob izlaymiz.
O‘yin taqdirini o‘zgartirgan gollar
Portugaliya 6-daqiqadayoq hisobni ochdi. Krishtianu Ronalduning goli O‘zbekistonning o‘yin rejasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Temur Kapadze davrida ham, Kannavaro boshchiligida ham jamoa asosan tartibli himoya va qarshi hujumlarga tayangan holda harakat qilib kelgan. Erta o‘tkazib yuborilgan gol esa bu rejani buzdi. 17-daqiqada Nuno Mendesh hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgach, o‘zbekistonlik futbolchilar raqibni yuqoriroq kutib olishga majbur bo‘ldi. Bu esa Portugaliyaning tezkor qanot hujumchilari uchun bo‘sh hududlar paydo qildi.
Birinchi bo‘limning eng muhim vaziyatlaridan biri 28-daqiqada yuz berdi. Azizjon G‘aniyev gol urdi, ammo VAR aralashuvidan keyin hujumdagi qoidabuzarlik sababli gol inobatga olinmadi. Agar shu gol hisobga olinganida, hisob 2:1 ko‘rinishiga kelar va uchrashuv butunlay boshqacha ssenariy bo‘yicha rivojlanishi mumkin edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 39-daqiqada Ronaldu ikkinchi golini urdi va jamoalar tanaffusga 3:0 hisobi bilan yo‘l oldi. Bu esa terma jamoa ruxiyatiga salbiy tasir qilishi aniq edi. 2:1 hisobidagi bo‘lim yakuni esa jamoaga boshqacha kayfiyat bergan bo‘lardi. Statistikadan ham ko‘rinishicha, O‘zbekistonning asosiy muammosi himoya chizig‘ida namoyon bo‘lgan. O‘yinda Portugaliya har bir xavfli hujumni deyarli golli vaziyatga aylantira olgan.
Portugaliya yetakchisi Ronalduning ikki golida ham markaziy himoyachilar bilan yarim himoyachilar o‘rtasidagi masofa kattalashib ketgan. Rafayel Leaoning golida esa qanot himoyasida bo‘sh hudud qoldirildi. 60-daqiqada Abduqodir Husanovning avtogoli esa jamoaning ruhiy tushkunligini yanada kuchaytirdi. O‘yin shu yerda ruhan yakunlangan edi.
Statistik ko‘rsatkichlar
Eng avvalo, to‘p nazoratidagi farq katta bo‘ldi – 66 foizga qarshi 34 foiz. Bu O‘zbekiston uchrashuv davomida ko‘proq himoyalanishga majbur bo‘lganini anglatadi. Portugaliya 624 ta pas amalga oshirgan bo‘lsa, O‘zbekiston futbolchilari 327 ta pas bilan cheklandi. Ya’ni, raqib to‘p bilan qariyb ikki baravar ko‘proq muomala qildi.
O‘yin taqdirini hal qilgan asosiy omillardan biri xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Portugaliya 7 ta yirik golli imkoniyat yaratgan, O‘zbekiston esa birorta ham aniq golli vaziyat tashkil eta olmagan. Kutilgan gollar (xG) statistikasi ham katta tafovutni ko‘rsatmoqda – 2,61 ga qarshi 0,24. Oddiy qilib aytganda, O‘zbekiston yaratgan vaziyatlardan o‘rtacha chorakta gol chiqishi mumkin edi, Portugaliya esa kamida ikki-uchta gol urishi kutilgan jamoa bo‘lgan. Zarbalar sonida ham ustunlik raqib tomonida bo‘ldi – 17 taga qarshi 7 ta. Bu esa O‘zbekiston raqib jarima maydonchasiga muntazam bosim o‘tkaza olmaganini tasdiqlaydi.
Taktik muammolar
Taktik nuqtai nazardan qaralganda, asosiy muammo markaziy zonada kuzatildi. Tayanch yarim himoyachilar himoya chizig‘ini yetarli darajada himoya qila olmadi. Natijada Portugaliya hujumchilari himoya va yarim himoya o‘rtasidagi bo‘sh hududlarda erkin harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Qanotlarda ham muammolar ko‘rindi. Nuno Mendesh va portugaliyalik vingerlar muntazam ravishda hujumga qo‘shilib turdi. O‘zbekiston himoyachilari esa bir vaqtning o‘zida ham qanotni yopish, ham markazni sug‘urtalash vazifasini bajarishga majbur bo‘ldi. Bu esa pozitsion xatolar sonini oshirdi. Darvozabonning 4 ta seyvi ham himoya qanday bosim ostida qolganini ko‘rsatadi. Agar ayrim vaziyatlarda seyvlar amalga oshirilmaganida, hisob yanada yirikroq bo‘lishi mumkin edi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston bu bahsda alohida bir xatosi uchun emas, balki to‘p nazorati, markaz uchun kurash, golli vaziyatlar yaratish va himoyadan hujumga chiqishda raqibdan sezilarli darajada ortda qolgani uchun mag‘lub bo‘ldi.
Kannavaroning munosabati
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi uchrashuvdan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Albatta, Jahon chempionatidagi ilk ishtirok oson bo‘lmasligi aniq edi. Qur’a natijalari chiqqanidan keyin Kolumbiya va Portugaliya kabi raqiblarni ko‘rib, bizni juda qiyin guruh kutayotganini bilgan edik. Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin ham jamoam bilan faxrlanishimni aytganman. Bugun ham shunday fikrdaman. Chunki maydondagi futbolchilarimni ko‘rdim. Ha, ular qiyinchiliklarga duch kelishdi, ammo bir soniya ham taslim bo‘lishmadi”, deydi Kannavaro.
Shuningdek, Kannavaro barcha chiziqlarda yuqori saviyadagi futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash har doim qiyin bo‘lishini alohida ta’kidladi.
“Portugaliya terma jamoasi yuqori darajadagi ijrochilarga ega va bugun ular katta motivatsiya bilan maydonga tushishdi. Biroq men avval ham aytganimdek, bu Jahon chempionati biz uchun muhim tajriba vazifasini o‘taydi. Biz ushbu turnir orqali o‘sishimiz, xulosa chiqarishimiz va kelajak uchun yanada kuchliroq jamoa bo‘lib qaytishimiz kerak”, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi.
Pley-off uchun imkoniyatlar qanday?
Mag‘lubiyatdan keyin O‘zbekistonning to‘plar farqi 1:8 ko‘rinishiga keldi. Bu eng katta muammo hisoblanadi. Biroq keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyatlar hali ham saqlanib qolgan. Eng muhim shart – Kolumbiyaning Kongo DRga yutqazmasligi edi. Bu natija amalga oshgach, O‘zbekiston mundialdagi umidlarini saqlab qoldi.
Endi so‘nggi turda Kongo DRni mag‘lub etish shart. Durang yoki mag‘lubiyat milliy terma jamoani turnirdan chiqarib yuboradi. Yangi formatga ko‘ra, uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi 8 jamoa ham pley-offga chiqadi. Qator guruhlarda uchinchi o‘rin uchun 3-4 ochko yetarli bo‘lishi mumkin. Shu bois O‘zbekiston hatto 3 ochko bilan ham keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini saqlab turibdi.
Eng muhim jihat shundaki, O‘zbekiston so‘nggi tur o‘yinlarini boshqa ko‘plab guruhlardan keyin o‘tkazadi. Bu vaqtga kelib raqiblar natijalari ma’lum bo‘ladi va jamoa qanday hisobdagi g‘alaba kerakligini aniq biladi. Portugaliyaga qarshi 0:5 hisobidagi mag‘lubiyat og‘ir zarba bo‘ldi. Biroq bu O‘zbekistonning mundialdagi tarixi tugaganini anglatmaydi. Jamoa hali ham taqdirini o‘z qo‘lida saqlab turibdi.
Kongo DRga qarshi uchrashuv O‘zbekiston futbol tarixidagi eng muhim o‘yinlardan biriga aylanishi mumkin. Agar milliy terma jamoa xarakter ko‘rsatib g‘alaba qozona olsa, pley-off eshiklari jamoa uchun ochiq qoladi.