Bu faqat uchinchi jahon urushiga olib keladi – Lukashenko

Olam

image

Polshaning Ukrainaga G‘arb tinchlikparvar kontingentini yuborish haqidagi taklifi uchinchi jahon urushiga olib keladi. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

“Ko‘ryapsizmi, bu polshaliklar, aqldan ozgan. Ular allaqachon G‘arb tinchlikparvar kontengentini Ukrainaga olib kirishni taklif qilmoqda. Aslida bu birinchi okeanning narigi tomonidan (AQSH Prezidenti Jo Bayden – tahr.) taklif qilingan. Keling, biz ham yuz minglik tinchlikparvar kuchlarni yarataylik va Lvov orqali Ukrainaga olib kelaylik”, deydi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uchinchi jahon urushini anglatadi. Belarus esa bunga chetdan qarab turmaydi.

“Siz o‘ylayapsizki, biz shunchaki oyoqosti qilinamiz va xirillashga ham ulgurmaymiz! Yoki men yana avtomat bilan oldinga yuguraman? Yo‘q, bolalar", deydi u.

Lukashenkoning aytishicha, inson o‘z Vatanini tish-tirnog‘i bilan himoya qilishi kerak. Hozir vaziyat juda jiddiy, juda tarang.

Eslatib o‘tamiz, Varshava Ukrainaning g‘arbiy viloyatlariga NATO tinchlikparvar missiyasini jo‘natish tashabbusi bilan chiqqan edi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bu taklifni rad etgan. Polsha Prezidenti Anjey Duda o‘z taklifini NATOning navbatdagi sammitida AQSH Prezidenti Jo Baydenga taqdim etishni rejalashtirgan.

Ma’lumot uchun, Vladimir Zelenskiy Ukraina hech qanday cheklovlarsiz harbiy yordamga muhtoj ekanligini qaytag‘qayta takrorlayapti. Bundan tashqari, u 24 fevral kuni NATO davlatlariga mamlakat osmonini istalgan formatda yopish iltimosi bilan murojaat ham qilgan.

“Ukraina sizning tanklaringizning 1 foizini so‘radi, bering yoki soting, ammo javob yo‘q. Siz bizga samolyotlaringizdan, tanklaringizdan 1 foizini berishingiz mumkin. Biz ularni shunchaki sotib ololmaymiz, bunday ta’minot faqat NATO qaroriga bog‘liq”, deydi Ukraina rahbari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

52

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing