“Bu boshlanishi”. Netanyaxu aholiga G‘azodan chiqib ketishni tavsiya qildi
Olam
−
09 Sentabr 5228 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo shahridagi aholiga murojaat qilib, ular shaharni tark etishi kerakligini aytdi. Vazirning bu haqdagi murojaati “The Times of Israel” nashrida e’lon qilindi.
Netanyaxuning da’vo qilishicha, so‘nggi bir necha kun ichida Isroil armiyasi G‘azoda “terror o‘choqlari” deb atalgan ko‘p qavatli binolarni yo‘q qilgan. U jami 50 ta shunday joy vayron qilinganini ta’kidlagan.
“Hozircha bu faqat asosiy keng ko‘lamli operatsiyaning kirish qismi, ya’ni qo‘shinlarimizning G‘azo shahrida o‘tkazadigan quruqlikdagi hujumlari uchun tayyorgarlik. Shu bois, men bu imkoniyatdan foydalanib, G‘azo aholisiga murojaat qilaman. Meni diqqat bilan eshiting: siz ogohlantirildingiz. U yerdan keting”, degan Isroil Bosh vaziri.
Qayd etish joiz, avgust oyining boshida Isroilning harbiy-siyosiy kengashi G‘azo shahrini nazorat ostiga olish rejasini ma’qullagan edi. Rejaga ko‘ra, jangovar hududlardan tashqarida tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatilishi ham ko‘zda tutilgan. Netanyaxu o‘shanda Isroil butun G‘azo sektorini harbiy nazorat ostiga olishga intilayotganini bildirgan.
Bosh vazir 7 avgust kuni “Fox News”ga bergan intervyusida Isroil G‘azo sektorining butun qirg‘oq hududini egallab, uni arab kuchlariga topshirishni rejalashtirayotganini aytgan edi.
“Biz u yerlarni ushlab qolishni istamaymiz. Biz xavfsizlikni xohlaymiz. Biz uni boshqarishni istamaymiz. Biz u yerda hokimiyat organi sifatida qolmaymiz”, degan Isroil Bosh vaziri.
Bu Isroilning g‘azoliklarga yo‘llagan ilk murojaati emas. Avvalroq, Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) G‘azo shahrida kengayib borayotgan quruqlikdagi operatsiyalar fonida aholiga Xon-Yunisdagi “gumanitar zona”ga ko‘chishni tavsiya qilgandi. Mazkur hududda dala gospitallari, suv tarmoqlari va tuzdan tozalash inshootlari joylashtirilgani aytilgan.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar oqibatida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 163 mingdan ortiq kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, 367 nafar mahalliy aholi, jumladan, 131 nafar bola ochlikdan vafot etgan.
Vaziyat tarang nuqtaga yetganda HAMAS ham Isroil bilan muzokaralarga darhol tayyor ekanini ma’lum qilgandi. Isroilning javobi esa so‘roq ostida qolmoqda. Bu rozilik AQSH Prezidenti Donald Trampning do‘q po‘pisalaridan keyin yuzaga keldi. Ko‘plar taklif aynan Trampdan chiqqani uchun ham Isroil kelishuv stoliga o‘tirishini aytmoqda, ammo ba’zilar Isroilning harbiy amaliyotlari buning teskarisini ko‘rsatayotganini ta’kidlaydi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr