HAMAS darhol muzokaralarga tayyorligini e’lon qildi
Olam
−
08 Sentabr 4932 2 daqiqa
Kecha, 7 sentyabr kuni HAMAS Isroil bilan muzokaralarga darhol tayyor ekanini ma’lum qildi.
Harakatning tegishli bayonoti AQSH Prezidenti Donald Trampning “so‘nggi ogohlantirishi”dan keyin e’lon qilingan. Trampning aytishicha, Isroil uning garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv shartlarini qabul qilgan va endi HAMAS ham bunga rozi bo‘lishi shart.
“Men ogohlantirdim. HAMAS og‘ir oqibatlarga duch keladi. Bu mening so‘nggi ogohlantirishim, boshqa bo‘lmaydi”, deya Truth Social tarmog‘ida yozgan Tramp.
Ushbu postdan so‘ng, kecha, 7 sentyabr kuni kechqurun HAMAS “urushni to‘xtatish va barcha hibsdagilarni ozod qilish” maqsadida muzokara stoliga o‘tirishga tayyor ekanini bildirdi. Harakat a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, avvalroq AQSH vositachilari orqali sulhga erishishga qaratilgan ayrim takliflar olingan.
Harakatga ko‘ra, HAMAS garovga olingan isroilliklarni ozod qilish evaziga Isroildan quyidagilarni talab qilmoqda: urushni to‘liq to‘xtatish haqida aniq bayonot berish, qo‘shinlarni G‘azo sektoridan butunlay olib chiqish va bu hududni boshqarish uchun mustaqil falastinliklardan iborat qo‘mita tuzish.
Isroilning yangi operatsiyasi
So‘nggi kunlarda Isroil G‘azo shahrida quruqlikdagi operatsiyani kengaytirdi. Maxsus operatsiya doirasida HAMASning tayanch nuqtalarini egalladi. Bundan tashqari, Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Xon-Yunis shahrida “gumanitar zona” tashkil etilishini e’lon qildi va G‘azo shahri aholisi bu hududga darhol ko‘chishni qat’iy tavsiya qildi.
Bu qon to‘kishlarning tarixi 2023 yilning 7 oktyabr kuniga borib taqaladi. O‘shanda HAMAS Isroilga yirik hujum uyushtirib, minglab raketalar uchirgan, chegaradan o‘tgan va tinch aholi vakillarini o‘ldirgan edi. O‘sha kuni qariyb 1200 kishi halok bo‘ldi, 250 dan ortiq odam garovga olindi. Ba’zilari keyinchalik ozod qilindi yoki almashildi, boshqalari halok bo‘ldi. Isroil bunga javoban HAMASga urush e’lon qildi. G‘azodagi Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning keng ko‘lamli yurishida 63 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 162 mingdan ortig‘i yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SAXAL G‘azo shahri hududining 40 foizi ustidan nazorat o‘rnatgani haqida xabar berilgandi. Isroil tinch aholini o‘z xavfsizligi uchun G‘azodan evakuatsiya qilishga chaqirgan. Isroil tomoniga ko‘ra, 70 ming kishi allaqachon shaharni tark etgan.