Bu haqiqiy provokatsion savol, gap tamom! – Allamjonov
Jamiyat
−
13 noyabr 2019
14431Nafosat Olloshukurovaga ruhiy buzilish va tushkunlik diagnozi qo‘yilgani aytildi. Bu diagnoz ijtimoiy tarmoqlarda bejiz noroziliklarga sabab bo‘layotgani yo‘q. Uni istalgan odamga qo‘yish ehtimoli bor. Istalgan kishiga tanqidiy chiqishlari uchun shu diagnozni qo‘yish ehtimoli mavjud emasmi? O‘zbekistonda rasman akkreditatsiyadan o‘tgan BBC nashrida ham yana SSR davridagi psixiatr jazo choralari qaytyaptimi degan tahliliy maqola e’lon qilindi. Jamoatchilikni, jumladan meni ham o‘ylantirayotgan masala – ertaga qaysidir jurnalist, qaysidir bloger Hukumatga yoki qaysidir idoralarga yoqmaydigan chiqishlari uchun osongina tushkunlik, ruhiyatida buzilish bor deb psixiatrik shifoxonaga joylashtirib qo‘yilishi ehtimoli mavjud emasmi?
Bu savol kecha, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan Matbuot anjumanida o‘rtaga tashlandi. Jurnalist Jamshid Niyozovning yuqoridagi savoliga agentlik direktori Komiljon Allamjonov quyidagicha javob qaytardi:
“Sizning fikringizdan kelib chiqyaptiki, siz bugungi mutaxassislarimiz, bugungi davlat organlarining faoliyatiga umuman ishonmaysiz. To‘g‘rimi?
Agar faqat agentlik o‘tkazayotgan tadbir bo‘lsa, agentlik mutaxassis emas, desangiz bo‘lardi. Bu yerda Oliy suddan, Ichki ishlar vazirligidan mutaxassislar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha javob berdi. Bu narsalarni Ombudsman nazorat qilib turibdi. Ommaviy axborot vositalarini ochiqchasiga taklif qilib, ochiqchasiga e’lon qilinyapti. Sizning asoslangan, hujjatlangan, ko‘rgazmali tushuntirishlardan keyin bergan bu savolingiz, albatta, bu – g‘alati.
Nimaga g‘alati? Siz o‘zingizning shaxsiy fikringiz, ishonchsizligingizni bildiryapsiz, bu sizning fikringiz, sizning huquqingiz. Lekin men hozir kimga so‘z berishni ham bilmayapmanki, hozir kim bu yerda javob berishi mumkinki, “ha, bizda ertaga tanqid qilsang, sen ham shu holatga tushishing mumkin”, deb kim gapiradi buni? Aslida holat bunday emasligini ko‘rib turibsiz. Keyin tanqidni faqat Nafosat Olloshukurova qilmayapti. Agar tanqid qilgani uchun bunday shifoxonaga yotqizilgan bo‘lganda, siz tanqidlar bo‘yicha chempionsiz. Siz qilgan tanqidlarda men ham, agentligimiz ham qolmagan. Umuman siz tegmagan soha yo‘q. Mana, binoyidek o‘tiribsiz, hech kim sizga e’tiroz bildirayotgani yo‘q.
Nimaga Olloshukurova shifoxonaga yotqizilganlaridan keyin zudlik bilan bermadik bu misollarni. Masalan, men ochig‘ini aytaman, Nafosat Olloshukurovani men tanimasdim. Ularning faol bloger ekanlarini mana shu holat bo‘lganidan keyin yaxshi tanib oldik. Agarda sizning fikringiz shunaqa bo‘lsa, tanqidiy maqolalari uchun bu narsaga duch keldi, tanqid qiladigan odam ertaga O‘zbekistonda sovet davridan qolgan holatlar qaytyapti degan fikrni ilgari sursangiz, men faqatgina ming afsus deyman. Ming afsus! Esiz bizning mehnatimiz, esiz agentlik himoya qiladi, deb o‘tkazayotgan tadbirlarimiz, esiz qonunchilikka kiritayotgan o‘zgarishlarimiz. Bitta holat yo‘qki, bir nazoratimizdan, nazarimizdan chetda qoldirgan bo‘lsak.
Nega bizga Prezident Administratsiyasi huzuridagi agentlik maqomi berildi? Chunki muammo juda ko‘p. Bosimlar bo‘layotganini bilamiz. Davlat organlari tomonidan tanqidni ko‘tara olmayotgan holatlar bo‘layotganini bilamiz. Buni tan olyapmiz. Yaqinda OSCE’ning elchilari kelganda ham buni ochiqchasiga aytdim. Agar mening ma’ruzamni eshitgan bo‘lsangiz, sizga qiziq bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yerda hammasini gapirdim. Lekin iltimos qilamanki, o‘rtoq Kun.uz muxbiri Jamshidjon provokatsion savollardan yiroq bo‘lishingizni. Bu haqiqiy provokatsion savol, gap tamom!”
Eslatib o‘tamiz, matbuot anjumanida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev va bloger Nafosat Olloshukurovaning advokati Umidbek Davletov ishtirok etib, Olloshukurovaning bugungi ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Bloger Nafosat Olloshukurova joriy yilning sentyabr oylarida tarqalgan norozilik videosi orqali e’tiborga tushgan edi. Ko‘p o‘tmay 23 sentyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan (Shabnam) Nafosat Ollashukurovaga ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, MJtKning 183, 194, 195 va 202-moddalari bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
26 sentyabr kuni Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruxiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan uni Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan. U hozirgacha dispanserda qolmoqda.
LiveBarchasi