Bloger Nafosat Olloshukurova ahvoli og‘irligi va qochoqlikdagi har bir kunni azob bilan o‘tkazayotganini aytdi
Jamiyat
−
03 aprel 2021
40748O‘zbekistondan bosh olib ketgan va ayni vaqtda Ukrainada yashab kelayotgan bloger (Shabnam) Nafosat Olloshukurova bugungi ahvoli og‘irligi, har bir kunni azob bilan o‘tkazayotgani va ertasi qorong‘i ekanini ma’lum qildi. U bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosining Ukrainadagi xizmatiga bergan intervyusida gapirgan.
Urganch shahar ma’muriy sudining 2019 yil 23 sentyabrdagi qaroriga asosan N.Ollashukurovaga nisbatan MJtKning 183, 194, 195 va 202-moddalari bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
26 sentyabr kuni N.Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruxiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan uni viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.
2019 yilning 28 dekabr kuni Olloshukurova ruhiy asab kasalliklari dispanseridan chiqarildi. Shundan so‘ng, bloger O‘zbekistonni butkul tark etib, Ukrainaga jo‘nab ketdi.
“Chiqib ketish haqida qaror qabul qilish menda og‘ir kechdi. Bu haqda Abdurahmon aka [O‘zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov] bilan bilan maslahatlashganimizda, u kishi “Eng to‘g‘ri yo‘l chiqib ketishingiz, ruhiy kasalliklar shifoxonasida yotgan boshqalarning taqdiri hayotingizda takrorlanishini xohlamasangiz bitta qat’iy qarorga kelishingiz va tark etishingiz kerak. Lekin bu yerda qolishingizning davomi xavfli”, deb yaxshi maslahatlar berdilar. Chetga chiqib ketishdan oldin tashqarida yurgan qochqinlardan so‘radim. Chunki chetga chiqishning o‘zi bo‘lmaydi. Qanday bo‘ladi jarayonlar, u yerda qiynalib qolmaymanmi, qanday ahvolga tushaman, shular haqida so‘radim. Qochqinlik olish jarayoni juda qiyinligi haqida menga Umida Niyozova ham aytib berdilar. “Ancha yillar kutishga to‘g‘ri keladigan jarayon, qiynalasiz”, deb aytdilar”, deydi ayni vaqtda rasmiy qochqinlik maqomidan umid qilayotgan Nafosat Olloshukurova.
U mamlakatni tark etganidan keyin egizak qizlarini ham o‘zi bilan Ukrainaga olib ketgan. Bu haqda gapirarkan, Olloshukurova, maqsadi O‘zbekistonni butkul tark etish bo‘lmaganini urg‘ulaydi.
“Aslida maqsadim O‘zbekistonni butunlay tark etish bo‘lmagan. O‘zbekistondan chiqib ketib, bu yerga kelib, xalqaro komissiyadan o‘tib, o‘zimning ruhiy kasal emasligimni tasdiqlab, ma’lum muddat tibbiy yordam olish... Chunki qiynoqlardan keyin reabilitatsiyaga ham muhtoj edim. Ham ruhiy bosimlar bo‘lgan, ham o‘zim bilmagan ukollar, tabletkalar berishgan. Mana shularning zararlaridan qutulib, dam olib ruhiy kasalmasligimni tasdiqlab, qaytish niyatida bo‘lganman”, deydi bloger.
Olloshukurova bir necha bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi vakolatxonasi Qochqinlar bilan ishlash bo‘limiga farzandlarini bog‘chaga joylash va o‘zining ish bilan ta’minlanishi masalasida murojaat qilgani, biroq arzigulik javob bo‘lmaganini aytadi:
“Hatto, lagerga joylashi to‘g‘risida ariza yozdim. 4 oy davomida bu masalani cho‘zib kelishdi. Farzandlarim kelganiga ham 4 oy bo‘ldi. Hozirgi kunda lagerda yashashdan voz kechdim. Chunki lagerning o‘zida turli xil fitnalar bo‘lishidan menda qo‘rquv paydo bo‘ldi. U yerga bormaslikka qaror qildim”.
Olloshukurova Ukrainada nima qilyapti? Qanday kun kechiryapti? Bu savollarga bloger shunday javob qiladi:
“Hozirgi kunda tirikchiligim shuki, yaqin do‘stlarim, meni taniydiganlar insoniylik yuzasidan yordam qilishyapti. Hozirgi paytda ertangi kunim qorong‘i. Har bitta kun o‘tishi men uchun azob. Chunki har bitta kun o‘tdi degani, kvartira uchun pul to‘lash yaqinlashayotgani. Har bitta o‘tayotgan kunim kommunal to‘lovlarga yaqinlashyapti. Har bitta o‘tgan kunda mana shunday tashvish bilan yashayapmiz. Do‘stlarim, ahvolimni kuzatib turgan insonlar tashlab qo‘ymayapti, yordam berishyapti. Lekin bu yordamlar qachongacha davom etadi?! Men Birlashgan Milllatlar Tashkiloti va xalqaro tashkilotlardan farzandlarimni bog‘chaga joylab, o‘zimni ish bilan ta’minlanishimga yordam berishlarini so‘ragan bo‘lardim”.
Nafosat Olloshukurova Ukrainada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga harakat qilgan, biroq migratsiya markazi uni norasmiy raavishda ishlayotgani uchun jarimaga tortgan.
“Biz qochqinlarda ishlash huquqi yo‘q ekan. BMT moddiy yordam bermayapti. To‘g‘ri, umuman yordam bermadi, deb aytolmayman. Umuman yil bo‘yicha hisoblaganda bizga har oyda 25-30 dollar atrofida yordam bergan. Lekin hozir yashayotgan sharoitimda, eng nochor ahvolda yashaganimizda 600-700 dollar pul kerak bo‘ladi. Shunda ham meni bolalarim sut, qatiq ichmaydi, go‘shtni kam yeymiz”, deydi qochqinlikka da’vogar.
U farzandlarini bog‘chaga joylashda ham qator muammolar borligini aytarkan, qizlaridan birida tug‘ma yurak xastaligi borligini eslatdi. Olloshukurova O‘zbekistonda bo‘lganida qizini tibbiy ko‘riklardan o‘tkazib, davolatib turgan. Biroq Ukrainada bunga imkoni yo‘q.
“Bolalarim hali besh yoshga to‘lmagan. Besh yoshga to‘lmagan bolalarning taomlanishi uchun pul to‘lanishi kerak ekan. Hech bo‘lmasa, [BMT] boshlanishida 2-3 oy menga yordam berishi, qo‘llab-quvvatlashi kerak, deb o‘ylayman. Farzandlarimning hujjatlarini so‘rashgan, men taqdim etganman. Hozircha jim. Ularni hatto, poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yishmagan. Tibbiy tekshiruvlar bo‘lmagan. Qizimning yuragi kasal bo‘lib tug‘ilgan. Uni O‘zbekistonda davolatib turardim. Ukrainada esa hech qanday tekshiruvlardan o‘tmadik. Sog‘lig‘ida charchash holatlari bor-ku lekin O‘zbekistondagidek yomon ahvolda emas. Lekin baribir men uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishlarini so‘rayapman”, deydi Olloshukurova.
U so‘zida davom etib, Ukrainadagi hayotidan qo‘rqayotgani, rasmiy Kiyev o‘zini O‘zbekistonga topshirib yuborishidan xavotirda ekani, shu bois blogerlik faoliyatini to‘xtatib turganini aytadi. “Ukrainani o‘zim uchun xavfli davlat, deb hisoblayman”, deydi u.
“Ukraina sharoitida men farzandlarimning kelajagini ko‘rolmayapman. Bu yerda boshqa qochqinlarning hayotini o‘rganib chiqdim. Bu yerda malakali tibbiyot, malakali ta’lim O‘zbekistonimizdagi darajada bo‘lgani uchun bu yerda yaxshi holatni ko‘rmayapman. Bundan tashqari, kuzatib kelayotgan holatim, ko‘plab faollarni Ukraina O‘zbekistonga tutib bergan. Men bemalol faoliyat olib borishga ba’zan qo‘rqaman. Chunki hozir biz jarayonda ketyapmiz. Shuning uchun o‘zimning so‘z erkinligimni o‘zim cheklayapman. Men chiqarishim mumkin bo‘lgan ma’lumotlar va yozishim mumkin bo‘lgan mavzular juda ko‘p. Ko‘p ma’lumotlarga egaman va bularni ochiqchasiga yoritolmayman, chunki qo‘rqaman. Hozirgi jarayonda bizni tutib berib yuborish ehtimoli borligi uchun Ukrainani o‘zim uchun xavfli davlat, deb hisoblayman.”
LiveBarchasi