Shabnam 3 oy avval qoralagan Ombudsman bugun uning kuniga yarayapti. Olloshukurova qayerda?
Tahlil
−
13 noyabr 2019
13866Bloger Nafosat Olloshukurova qayerda? Uning ahvoli qanday? Ma’lumki, u joriy yilning sentyabr oylarida tarqalgan norozilik videosi orqali e’tiborga tushgan edi. Ko‘p o‘tmay 23 sentyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan (Shabnam) Nafosat Ollashukurovaga ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, MJtKning 183, 194, 195 va 202-moddalari bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
26 sentyabr kuni Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruxiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilib, psixiatrning tavsiyasi bilan uni Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan. U hozirgacha dispanserda qolmoqda.
Kecha, 12 noyabr kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Nafosat Ollashukurova haqida ham so‘z bordi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev va bloger Nafosat Olloshukurovaning advokati Umidbek Davletov Olloshukurovaning bugungi ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Advokatning qayd etishicha, u 6 noyabr kuni Urganch tumanlararo sudiga borib, himoyasidagi Nafosat Olloshukurovaga oid fuqarolik ishi bo‘yicha kassatsiya tartibida shikoyat topshirgan.
“Nafosat Olloshukurovaning yoniga bordim. U bilan uchrashdim, vaziyatni so‘radim. Saqlash sharoitlari yoki oziq-ovqat va boshqa sharoitlar bo‘yicha biror e’tirozi bor-yo‘qligi bilan qiziqdim. U hech qanday e’tirozi yo‘qligini, hammasi joyidaligini aytdi. Unga kassatsiya tartibida shikoyat jo‘natilganini, tez orada sud kuni ma’lum bo‘lishini, sudda o‘zining ishtirokini ta’minlash masalasi qo‘yilganini, bu masalani sud hal qilishini, qolaversa, uning saqlab turilgan joyidan chiqib ketish holati asosan respublika yoki ushlab turilgan ruhiy kasalliklar dispanserining xulosasiga bog‘liq ekanini tushuntirdim. U oilasiga salom aytishimni, ulardan xabardor bo‘lib turishimni iltimos qildi”, deydi Olloshukurovaning advokati Umidbek Davletov.
Anjumanda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev ham blogerning ahvoli haqida ma’lumot berdi.
“Joriy yilning 21 oktyabr kuni monitoring guruhi sud qaroriga ko‘ra, Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklari dispanseriga joylashtirilgan fuqaro Nafosat Olloshukurova bilan uchrashish uchun tashrif buyurdi. Uchrashuvga faqat Ombudsman xodimlarini emas, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasidan vakil, “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari, “Najot” huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari va sog‘liqni saqlash tizimidan psixiatriya sohasi ekspertlarini taklif etdik. Tashrif Ombudsman o‘rinbosari boshchiligida amalga oshirildi. Tashrif davomida Olloshukurovaning ruhiy holati nisbatan barqaror ekani va muloqot qila olishiga ishonch hosil qilindi.
Fuqaro Olloshukurova suhbat davomida tibbiyot muassasasi xodimlarining samimiy munosabatda ekanligini, unga nisbatan biror ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazish hollari bo‘lmaganini qayd etdi.
Tashrif vaqtida mutaxassislar bemorni ko‘rishdi va uning holati nisbatan yaxshilanganini qayd etishdi. Ayni vaqtda unda tushkunlik alomatlarining saqlanib turgani, belgilangan davolash kursini davom ettirishi zarurligi ta’kidlandi. Dispanser vrachlari tomonidan belgilangan dori vositalari orasida ruhiy faoliyatni pasaytirishga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi preparatlarning yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, xodimlarimiz tomonidan Olloshkurovaga ota-onasi bilan telefon orqali gaplashishiga imkoniyat yaratib berilgan. U oila a’zolariga o‘zining saqlanayotgan holati bo‘yicha ma’lumot bergan. Shuningdek, monitoring guruhiga uning akasi Tojimurod ham jalb etilgan”, deydi Muhammadiyev.
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda Xorazm viloyati ruhiy asab kasalliklari dispanserida saqlanayotgan Nafosat Olloshukurovaning farzandlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida uning ikki nafar farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli ravishda qabul qilingan. Shuningdek, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Olloshukurovaning ota-onasi va farzandlarining ahvolidan xabar olgan. Ayni vaqtda tashkilotlar Olloshukurovaning farzandlarini qishki kiyimlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.
Darvoqe, Nafosat Olloshukurovaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini taftish qilish jarayonida uning Facebook'dagi Shabnam Olloshkurova nomli sahifasi joylashtirilgan postlar e’tiborimizni tortdi. Ular orasida joriy yilning 4 avgust kuni joylashtirilgan post – Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev surati ham bor. Bloger surat ostiga quyidagi gaplarni yozib qoldirgan:
"Xurmatli Shavkat Mirziyoyev, mana bu odamga nima sababdan oylik maosh to‘lanadi? Uni sizdan boshqa hech kim uyg‘ota olmaydi. Agar bu nusxa o‘z vazifasini bajarganida edi, SNOSlar bunday sharmandali darajada og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmagan bo‘lardi".
LiveBarchasi