Hokimliklarning maqsadi korrupsiya – Ombudsman
Intervyu
−
16 dekabr 2020
28085So‘nggi yillarda “snos” masalasi O‘zbekiston aholisining bosh muammosiga aylangani hech kimga sir emas. Ko‘p hollarda hokimlar davlat va jamoat ehtiyojini ro‘kach qilib, odamlarning uyini buzyapti, tadbirkorning ishlab turgan sexi tekislab tashlanyapti.
Ishlab turgan do‘konini buzishga kelgan davlat amaldoriga benzin sepib, yoqib yuborganlar ham bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisinig inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev QALAMPIR.UZ bilan intervyuda aholi uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan "snos" masalasiga ham to‘xtalib, odamlarning yashab turgan joyidan chiqarib yuborilishini insonning shaxsiy mulkiga bo‘lgan tajovuz ekanini aytib o‘tdi.
“Bu – to‘g‘ridan-to‘g‘ri insonning shaxsiy mulkiga bo‘lgan tajovuz. Shu bilan birga inson huquqining ochiqchasiga buzilishidir. Turli idora va hokimiyatlar bir oilani yashab turgan uydan chiqarib yuborib, uyini buzib tashlayapti. Bu tamoman inson huquqlari buzilishining ochiqchasiga va so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan ko‘rinishi. Odamlarni uylari buzilyapti-da, puli ham to‘lanmayapti. Shu bilan birga ko‘chaga xaydab yuborilyapti.
Pul to‘lash ham nomiga. Bir odamning egallab turgan uyi bilan ular berayotgan mablag‘ teng emas. Bu narsalarni gapirish kerak. Bu ishlarni ochiqchasiga mahalliy hokimliklar qilyapti”, deydi Ombudsman.
Ulug‘bek Muhammadiyevnining ta’kidlashicha, hokimlarning tadbirkorlarga yer ajratib berish masalasida tartibsizlik va boshboshdoqlik mavjud, bundan maqsad esa, korrupsiya.
“Bizda qiziq tendensiya bor. Bir hokim tadbirkorga yer ajratib beradi. U yerning qanday ajratilgani hokimga va xudoga ayon. Tadbirkor u yerda ish boshlab, bino quradi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, boshqa hokim keladi va avvalgi hokim chiqargan qarorni bekor qilib, aynan o‘sha yerni boshqa tadbirkorlarga qaror chiqarib, berib yuboryapti. U ham mayli edi, shu orada hokim uchinchi marta o‘zgarsa, u ham o‘z qarorlarini chiqaradi. Va boshqa tadbirkorlarga sotib yuboradi. Hammasi “kasha” bo‘lib yotibdi. Bu nima degan gap?
Agar bu ishlarni Adliya vazirligi tahlil qilsa, daxshatli manzara paydo bo‘ladi. Hokimliklarning bu ishlarni qilishdan maqsadi nima ekanligi ayon. Maqsad – korrupsiya, boshqa narsa emas”, deydi Ombudsman.
Muhammadiyev so‘zida davom etarkan, bu kabi uy buzilish va unga yetarli mablag‘ to‘lanmasik holatlari oldin ham bo‘lgani, hozir esa, erkin gapirilayotgani sabab, bu ishlar oshkor bo‘layotanini qo‘shimcha qildi. Qolaversa, inson huquqlari himoyachisi noxaqliklar va korrupsiyadan norozi fuqarolar o‘z joniga qasd qilayotgani va bu kabi holatlarda Ombudsman ham o‘zini aybdor his qilshini urg‘uladi.
“Bu kabi holatlar ko‘p bo‘lishiga asosiy sababning birinchisi – korrupsiya, tanish-bilishchilik va huquqiy bilimning pastligi. Bu gaplarni oldinlari hech kim aytolmagan. Bu ishlar oldin ham bo‘lgan.
Hozir esa jurnalistlar borib, bilib qolganidan keyin internetga chiqib ketib, hammasi ochilyapti. Korrupsiya 3-4 ta odam orasida bo‘ladigan ish, buni bilish, aniqlash qiyin.
Hozir ochiqlik tufayli harakat qilinyapti-yu, lekin afsus, hali ham korrupsiya illati bor. Agar bu kabi qonun buzilish holatlari bo‘lmasa, murojaatlar ham bo‘lmaydi. Ko‘plab fuqarolar murojaat qilyapti, xatto norozi bo‘lganlari o‘z joniga qasd ham qilyapti. Albatta, bu yaxshi holat emas. Shu nuqti nazardan, bu masalalar bizni e’tiborimizdan chetda qolgani uchun o‘zimizni aybdor, deb his qilamiz” deydi Ulug‘bek Muhammadiyev
Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi