Deputatlik nazorati – korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali vositalaridan biri
Jamiyat
−
10 mart
965Oxirgi yillarda mamlakatimizni taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqish, murakkab va dolzarb muammolarni hal etish, hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmini yaratishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ularning samarasini bugun har bir fuqaro o‘z hayotida his qilmoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasi o‘laroq, mahalliy kengashlarning konstitutsiyaviy vakolatlari alohida norma sifatida belgilandi. Unga muvofiq, o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan saylovlardan keyin Toshkent shahar va viloyat kengashlariga hokimlar emas, deputatlar orasidan saylangan shaxs raislik qilmoqda. Boshqacha aytganda, davlat boshqaruvida vakolatlar yuqoridan quyiga yoki ijro hokimiyatidan vakillik organlariga o‘tkazilmoqda. Bu davlat boshqaruvini yanada demokratlashuvidan dalolat beradi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida ham xalq deputatlari mahalliy kengashlariga qo‘shimcha vakolat berilib, ularga bir qator dolzarb vazifalar yuklandi.
Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanib, ularga hokimlar emas, xalq deputatlari viloyat kengashi raislari boshchilik qilishi belgilandi.
Darhaqiqat, hozirda joylarda kuchli deputatlik korpuslari shakllandi. Ular jamiyatdagi u yoki bu muammolarni yechishda, bugungi islohotlardan aholini rozi qilishda muhim vazifalarni badarmoqda.
Shularni nazarda tutganda, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashishda ham xalq vakillarining kuchi, imkoniyati va salohiyatidan foydalanish eng to‘g‘ri qarordir. Chunki, har bir deputatning ortida ko‘plab saylovchilari bo‘lib, ularning korrupsiyaga qarshi kurashda murosasiz jamoatchilik nazoratini olib borishga har tomonlama imkoniyatlari mavjud. Shu ma’noda ham, ularga hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish kengashlariga boshchilik qilishni ishonib topshirilishi bejizga emas.
Deputat xalqning davlat boshqaruvida ishtirok etuvchi vakilidir. Shunday ekan, jamiyat taraqqiyotini rivojiga “tushov” bo‘lib turgan korrupsiya “balo”sini bartaraf etishda xalq vakillarining yetakchi bo‘lishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Endilikda, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovchilar bilan uchrashuvlar, mansabdor shaxslar eshituvlari va aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonida jamiyatda korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaradigan omillarni aniqlashi, ularni oldini olish va barham berish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishi lozim bo‘ladi.
Hududiy kengashlar har chorakda bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritib boradi.
Bu muhim yangiliklarning pirovardida, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlanishi, ijro organlari ustidan to‘laqonli deputatlik nazoratining o‘rnatilishiga erishiladi. Shuningdek, “Kengash so‘rovi” va “Kengash tekshiruvi” institutlarini amaliyotda qo‘llanishiga zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Muhammadjon Jo‘rayev,
mustaqil ekspert
LiveBarchasi