Prezident halollarni qidiryapti
Jamiyat
−
05 mart
17342Bizlar arra tortmoqdamiz,
Arramizning tishi yo‘q.
Nega arrang tishi yo‘q, deb
So‘raydigan kishi yo‘q.
Chunki bizlar anoyimas,
Pishib ketgan ko‘zimiz.
Arra tushgan o‘sha shoxda
O‘ltiribmiz o‘zimiz.
Ko‘chalarda biz poraxo‘rlikka qarshimiz, korrupsiyasiz jamiyat quramiz, deb yozilgan shiorlarni ko‘rganda, korrupsiyaga qarshi kurash uchun millionlar sarflab o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etganda negadir O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning mana shu misralari yodga tushadi. Marhum shoirimizning 1991 yilda qalamidan to‘kilgan bu so‘zlar va uning ortida yashiringan kosa tagidagi nim kosa g‘oya hamon aktual. O‘zbekiston, Yangi O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashyapmiz deb qancha bong urmasin, natija maqtagulik emas. Aksincha, korrupsionerlar ham, poraning miqdori ham oshib boryapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev esa bularni biladi va mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashdan umuman qoniqayotgani yo‘q. Shu bois 5 mart kuni davlat rahbarligi raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda parlament quyi va yuqori palatasida korrupsiyaga qarshi qo‘mitalar mavjud. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va agentlik faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, oddiy odamlar hayotida bu unchalik ham katta ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q. Buni tasdiqlagandek, O‘zbekiston 2024 yilda 180 mamlakat o‘rin olgan korrupsiya bo‘yicha reytingda 121-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun aytish o‘rinliki, ushbu reytingda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligidan qo‘shnimiz Qozog‘iston bizdan ancha yuqori o‘rin olib, 88-qatorni band etdi. Gruziya 53-o‘rinni, Armaniston 63-pog‘onani egalladi, Belarus esa 113-o‘rinda.
Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda aytilishicha, huquq-tartibot idoralari asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralarni e’tiborsiz qoldiryapti. Korrupsiyaning oldini olish omillari bilan ishlash uchun 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalarida 1 ming 285 xodim ishlamoqda. Lekin korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda ularning o‘rni ham, mas’uliyati ham sezilmayapti.
Har yili biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishda byurokratiya va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha o‘nlab qarorlar qabul qilinmoqda. Masalan, 6,5 ming turdagi mahsulotni ishlab chiqarish va olib kirishda tadbirkorlarga muvofiqlikni baholash majburiyati yuklangan. Shundan 3 ming 700 turdagi tovar bo‘yicha har bir partiyaga alohida sertifikat olish shart.
Shunday ro‘yxatlar sanitariya, karantin, veterinariya idoralarida ham bor. Bojxona esa bu ro‘yxatlarning hammasi bilan ishlaydi. Tadbirkorlarni qiynab, korrupsiyaga omil bo‘layotgan bunday ro‘yxatlarni qisqartirish bo‘yicha bu idoralarning komplayens xodimlari hech qanday taklif bermagan.
Prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi. Bir narsani aytaymi? Biz ham norozimiz. Anchadan beri norozimiz.
Prezidentning aytishicha, agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgan. Prezidentga ko‘ra, agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng ko‘p bo‘lgan tuman sog‘liqni saqlash, bandlik bo‘limi yoki bank filialiga borib, holatni o‘rganmagan, yangi zamonaviy tizim bo‘yicha taklif bermagan. Ushbu sohalarning bevosita rahbarlari esa o‘z tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlarini sust bajargan yoki umuman bajarmagan.
Parlamentdagi byudjet qo‘mitalarida ham har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va o‘zgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani aytildi yig‘ilishda.
Bugunga majlisda Bosh vazir Abdulla Aripovga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularning oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bosh vazir ularning halolligini qanday o‘lchaydi?
Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirning o‘zi ishga qo‘yishi, o‘ziga siyosiy mas’uliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi. Bu yaxshi, albatta, vazirlarning mas’uliyati oshadi. Lekin vazirning o‘zi yoki birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari poraxo‘r bo‘lsa-chi. Onangni qozi so‘ksa, dardingni kimga aytasan, deganlari shu emasmi?
Prezident Mirziyoyev yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi mutlaqo o‘zgarishini aytdi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zsuvta’minot”ning komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilingani, odamlarga qanday yengilliklar bo‘lgani haqida Milliy kengashda hisobot beriladi.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori bo‘lgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi byurokratik tartibni bekor qilish bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Aytilishicha, korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotganmish. Xususan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p.
Prezidentning fikricha, tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritishdan nariga o‘tmayapti, ularning muhokamasi ham, javobi ham quruq rasmiyatchilik. Viloyat hokimlari rahbar bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining ishi ham juda sust, faoliyati tuman, mahalla bilan bog‘lanmagani uchun natija yo‘q. Parlament mas’ul qo‘mitalarining ham o‘rni sezilmayapti.
Endilikda korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanadi, ularga rais etib viloyat xalq deputatlari kengashi raislari tayinlanadi. Hududiy kengashlar odamlar orasigacha tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berish uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerak.
Kengashlar har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi. Ko‘ramiz, kirita olarmikan?!
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga tizimidagi korrupsiyani bilib-bilmaslikka, ko‘rib ko‘rmaslikka olib yurgan inspeksiya rahbarlari ishiga baho berib, ikki haftada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha har biriga aniq vazifa qo‘yish topshirildi. Har oyda bittadan inspeksiya faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi va ulardan qattiq so‘rov qilib boriladi.
Endilikda Bosh prokuror va Ichki ishlar vaziri har chorakda Milliy kengash oldida, viloyat, tuman prokurorlari va ichki ishlar boshliqlari esa har oyda hududiy kengashlarda hisobot beradi va jamoatchilikka murojaat bilan chiqadi.
Prezident murojaat deganda, umumiy gaplarni nazarda tutmayapti. Bunda har bir soha va jinoyatchilik turi bo‘yicha oldini olish, omillarini bartaraf etish borasida aniq qiladigan ishlarini aytishi kerak.
Milliy kengash har oyda tuman va shaharga tushib, o‘z yig‘ilishini bevosita ichki ishlar bo‘limlarida o‘tkazishi kerak.
Bundan buyon 8 yillik amalda bo‘lib kelgan sektorlar faoliyati bilan prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari shug‘ullanishiga ham nuqta qo‘yiladi. Ularning o‘rniga endilikda Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli sohalar bilan o‘z kuchi va tizimi bilan shug‘ullanadi.
“Prokuratura, ichki ishlar, soliq rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: sektor ishidan ozod qilish bu – eski davrga qaytib, aholi va tadbirkorlarga har qadamda to‘siq, korrupsiyaga sharoit yaratish, degani emas”, dedi Prezident Mirziyoyev.
Tumanda jinoyatchilikni jilovlashga hokim boshligicha qolaveradi. Barcha ishlarni muvofiqlashtirishda hokimbuvalarning o‘rni hech qayerga yo‘qolmaydi. Har haftada prokuror va ichki ishlar boshlig‘i bilan hududdagi vaziyatni muhokama qilib borishi shart.
Prezidentning eslatishicha, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, DXX akademiyalari, Yuridik va Jamoat xavfsizligi universitetlariga jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha hudud va sohalar biriktirilgan edi. Lekin ular kriminogen vaziyat murakkab mahallalarga olimlarni yubormayotgani, ushbu mahallalarni namunali qilishda jonbozlik ko‘rsatmayapti. Milliy kengash esa har chorakda ushbu oliygohlar rahbarlaridan ham hisobot so‘rab borishi kerak.
Yig‘ilishda Senat kamida 1 ta hududda jinoyatchilikni keskin qisqartirish bo‘yicha, Qonunchilik palatasi esa kamida 1 ta sohada korrupsiyaga barham berish bo‘yicha takliflar berib borishi belgilandi.
Bundan buyon, vazir va hokimlar lavozimga qo‘yilishidan oldin korrupsiyani oldini olish bo‘yicha aniq rejasini parlament va mahalliy kengashlar oldida himoya qiladigan tizim joriy etish taklif qilindi.
Manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotganini so‘qir ham ko‘rib, sezib turibdi. Ayniqsa, falonchi vazir yo hokim o‘ziga falon million mukofot puli yozib olibdi, falon millionga xorijiy avtomobil sotib olibdi, falon millionga archa yasatibdi degan xabarlarni o‘qiganingiz aniq.
Shu bois ham yig‘ilishda Prezident Mirziyoyev Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning byudjetga mas’ul qo‘mitalari bilan birgalikda to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni 2 karra qisqartirishni topshirdi. Yil yakunigacha sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratib, undagi ma’lumot yangilanib turadigan tizim qiladi.
Bunda davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgan. Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytiriladi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish zarurligi aytildi. To‘g‘risiyam-da. Nega xalq mablag‘laridan hosil bo‘lgan byudjet pullariga o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qolib, xorijnikini sotib olishi kerak amaldorlarimiz. Olmaning sarasini men yeymay, qurt tushganini xalq yesin degandek bo‘lmaydimi, axir.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash lozimligini aytdi. Mutasaddilarga bunday investitsiya loyihalarida xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish, yirik auksion shartlarini raqobatdoshlik ekspertizasidan o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. “Shaffof qurilish” platformasi qamrovi oshirilishi, xalqaro tashkilotlar loyihalariga ham bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilandi. Bu ishlar xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi qurilishlarda subpudratchilarni yollash va 1 million dollargacha bo‘lgan loyihalardan boshlanadi.
Ana keldik endi kunning asosiy masalasiga. Yig‘ilishda davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani aytildi. Aslida uni qabul qilish muddati ancha avval belgilangan va muddatidan o‘tib ketgan edi. Lekin hech kim, ayniqsa, uni qabul qilishga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar bu borada miq etmay kelayotgandi. Go‘yo amaldorlar bugungacha yiqqan-tergani, to‘plaganini yashirib olishiga vaqt va imkon berilgandek...
Prezident mas’ullarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritishni topshirdi.
Shuningdek, gap borib noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘riga taqaldi. Qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish haqida modda kiritish taklif qilindi. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi. Prezident Milliy kengashni, parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini bu borada xalqaro andozalarga mos takliflarni ishlab chiqishga chaqirdi.
Davlat rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
U barcha rahbarlarni qat’iy ogohlantirib, sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanishi, bu bo‘yicha so‘rov ham, javobgarlik ham qattiq bo‘lishini aytdi. Odil sudlovni ta’minlash uchun uch oy ichida sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish bo‘yicha qonun loyihasini kiritish topshirildi.
Shu o‘rinda aytish o‘rinliki, 2024 yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohasida oshgan. 2024 yilda respublika bo‘yicha jami 6 898 nafar shaxs tomonidan 5 716 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, 2023 yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgazta’minot” AJ, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohasida bu ko‘rsatkich oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolmoqda.
Oxirgi vaqtlarda korrupsiyaviy jinoyatlar soni urchigandan urchigan. Biroq nahanglar qolib, faqat mayda baliqlarning pora olayotganda qo‘lga tushishiga jamoatchilik ancha o‘rganib qoldi. Negadir korrupsiyaviy jinoyatlar haqidagi xabarlarni o‘qiganimizda ularning bosh qahramonlari silsilasi nari borsa hokim o‘rinbosari bilan tugaydi, go‘yoki butun poraxo‘rlik pastda. O‘zbekiston, Yangi O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashib, hatto, majlislarda odamlarni hibsga olishdek amaliyotlardan foydalanmasin, baribir korrupsiya kamayib qolayotgani yo‘q. Xo‘sh, sizningcha, eng samarali chora qaysi? Nima qilish kerak?
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



