O‘zbekiston AQSH kompaniyalari bilan foydali qazilmalar bo‘yicha bitim imzoladi
Jamiyat
−
09 aprel
4774O‘zbekiston va AQSH kompaniyalari foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzoladi. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiya AQSHda bo‘lib, yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazmoqda.
Tashrif dasturiga muvofiq, 7 aprel kuni tog‘-kon sanoati, mehmonxona biznesi va oziq-ovqat sanoati sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan. Kompaniyalarga samarali investitsiya takliflari va O‘zbekistonda biznesni olib borish uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etilgan.
“Uchrashilgan kompaniyalar rahbarlari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, Amerika kompaniyalarining mamlakatimizda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan muvaffaqiyatli faoliyatidan kelib chiqib, hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolangan hamda foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish, yuqori darajada maydalash komplekslarini (HPGR) qurish, innovatsion texnologiyalarni jalb etish va muhim xomashyo uchun qo‘shilgan qiymat yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Turizm sohasida yangi loyihalar – mehmonxonalar qurishni amalga oshirish muddatlari ham kelishib olingan.
“Erishilgan kelishuvlar tegishli bitimlar bilan mustahkamlandi. Har bir loyihaga mas’ul loyiha menejeri tayinlandi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQSHda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 16 sentyabr kuni AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamda O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasriddinxo‘jayev ikki davlat o‘rtasida foydali qazilmalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagandi.
LiveBarchasi