Prezident Administratsiyasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi
Olam
−
01 noyabr 2023
14395Bugun, 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida bir qancha yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Unga ko‘ra, G‘ayratulla Habibullayevich Yoziyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Qahramon Rahmatullayevich Sariyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U esa tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Ulug‘bek Islomovich Muhammadiyev esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbari lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Bundan tashqari, Umar Sapayevich Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U ham tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Prezident Administratsiyasining yangi tarkibi tasdiqlangandi. 30 oktyabr kuni Asilbek Xudoyorov Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari, Gayane Umerova esa O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Kecha, 31 oktyabr kuni Dilnoza Murodovna Ziyomuhamedova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi kotibiyati mudiri lavozimiga tayinlandi.
LiveBarchasi