Britaniyaning yirik aeroportlarida mingdan ortiq reys bekor qilindi

Olam

image

Britaniyada havo harakatini boshqarish tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik mamlakatning yirik aeroportlarida 1 300 ga yaqin reysning bekor qilinishi va yuzlab parvozlarning kechikishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, nosozlik kecha, 8 sentyabr kuni havo harakatini boshqarish xizmati (NATS)ning parvozlar haqidagi ma’lumotlarni qayta ishlash tizimida yuzaga kelgan. Kompaniya mahalliy vaqt bilan 18:34 da muammo bartaraf etilganini, tizim normal ishlayotganini va kechikib qolgan reyslarni tiklash bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan.

NATS avvalroq nosozlik parvozlar xavfsizligiga ta’sir qilmaganini bildirgan. Biroq kompaniya rahbari Martin Rolf “Sky News” telekanaliga tizimda nima sababdan uzilish yuz bergani hali aniqlanmaganini aytgan.

FlightRadar24 ma’lumotlariga ko‘ra, 8 sentyabr kuni Britaniya aeroportlariga kelishi va ulardan uchishi kerak bo‘lgan 1 300 ta reys bekor qilingan. Bugun, 9 sentyabr kuni uchun ham 177 ta reys bekor qilingan bo‘lib, ularning deyarli barchasi mamlakatdagi eng yirik Xitrou aeroportiga to‘g‘ri kelgan.

FlightAware ma’lumotlarida esa 8 sentyabr kuni Londonning Xitrou, Gatvik, London-Siti va Luton aeroportlari, shuningdek Edinburg va Bristol aeroportlarida 490 ga yaqin uchish kechikkani ko‘rsatilgan. Yana 525 ta qo‘nish bekor qilingan yoki kechiktirilgan.

British Airways aviakompaniyasi Xitrou aeroportida eng ko‘p zarar ko‘rgan tashuvchilardan biri bo‘lgan. Kompaniya 333 ta rejalashtirilgan reysdan 16 tasini bekor qilganini bildirib, nosozlik yo‘lovchilar va xodimlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan.

Ryanair esa 150 mingga yaqin yo‘lovchisiga ta’sir ko‘rsatilganini, kechikishlar sakkiz soatgacha yetganini va 200 dan ortiq reys bekor qilinganini ma’lum qilgan. Kompaniya, shuningdek, NATS bosh direktori Martin Rolfni iste’foga chiqishga chaqirgan.

Wizz Air ham Britaniya havo harakatini boshqarish tizimida shoshilinch islohotlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlagan. Kompaniya takrorlanayotgan texnik nosozliklar oqibatini aviakompaniyalar, aeroportlar va yo‘lovchilar ko‘tarmasligi kerakligini bildirgan.

Aviatsiya tahlilchisi Jon Striklendning ta’kidlashicha, Yevropaning serqatnov havo hududida havo harakati juda qat’iy jadval asosida boshqariladi. Shuning uchun bir necha soatlik uzilish ham ko‘plab aeroportlarga ta’sir qilib, butun aviakompaniyalar tarmog‘ida zanjirli kechikishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Britaniya Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi (CAA) NATSdan 8 sentyabr kungi hodisa bo‘yicha to‘liq hisobot taqdim etishni kutayotganini bildirgan. Shundan so‘ng regulyator mamlakatdagi havo harakatini boshqarish tizimi ishonchliligini ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar zarur yoki zarur emasligini ko‘rib chiqadi.

Bu NATS tizimidagi birinchi jiddiy uzilish emas. 2023 yilda parvoz rejalarini avtomatik qayta ishlash tizimidagi nosozlik Britaniya aeroportlarida keng ko‘lamli tartibsizliklarni keltirib chiqargan. 2024 yilda CAA kompaniyadan bunday uzilishlarga tayyorgarlik rejalarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan.

O‘tgan yil iyul oyida ham Britaniya havo harakatini boshqarish tizimida radar bilan bog‘liq texnik muammo yuzaga kelib, London va boshqa hududlardagi yirik aeroportlarda parvozlar to‘rt soatdan ortiq vaqtga izdan chiqqan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing