Britaniyaning atom suvosti kemasi zavodida yong‘in chiqdi
Olam
−
30 Oktabr
1955Buyuk Britaniyaning shimoli-g‘arbidagi Barrou-in-Ferness shahrida joylashgan BAE Systems mudofaa kompaniyasiga tegishli Devonshire Dock Hall (DDH) kemasozlik zavodida bugun, 30 oktyabr kuni yong‘in chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, katta yong‘in yarim tundan so‘ng boshlangan. Hodisa oqibatida ikki kishi tan jarohati olib, yongan mahsulotlardan zaharlanish gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan. Korxonadagi barcha odamlar evakuatsiya qilingan, mahalliy aholiga eshik va derazalarini yopish, iloji bo‘lsa, ko‘chaga chiqmaslik tavsiya qilingan.
“Yadroviy hodisa xavfi yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgan politsiya.
Kompaniya ayni paytda yong‘inni o‘chirish uchun favqulodda xizmatlar bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qilgan.
“Associated Press” nashrining yozishicha, Londondan 350 km shimoli-g‘arbda joylashgan, kemasozlik zavodi bundan 150 yil avval qurilgan. Ayni paytda u Britaniya qirollik dengiz floti uchun bir nechta atom suvosti kemalarini qurmoqda. Gap Astute va Dreadnought sinfidagi suv osti kemalari haqida ketmoqda. U yerda 10 mingdan ortiq odam ishlaydi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 6 gektar maydonni egallagan bu hudud Yevropadagi ikkinchi yirik kemasozlik majmuasidir.
BAE Systems – dunyodagi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchilardan biridir. Uning mahsulotlar ro‘yxati tanklar va qiruvchi samolyotlarni ham o‘z ichiga oladi va u ishlab chiqaradigan qurollar Ukrainaga ham yetkazib beriladi.
2023 yilning avgust oyida Ukraina BAE Systems bilan birgalikda qurol ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzgan. 2024 yil bahorida kompaniya Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi bilan Ukrainada yengil qurollarga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va tiklash bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyining oxiri – iyun oyi boshida Xitoyda eng yangi atom suvosti kemasi cho‘kib ketgani ma’lum bo‘lgandi. “The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, Chjou tipidagi suvosti kemasi o‘z turidagi birinchi suvosti kemasi hisoblanadi. U China State Shipbuilding Corp tomonidan Vuachang kemasozlik zavodida qurilgan. “Planet Labs” sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanilsa, suvosti kemasi oxirgi marta may oyining oxirida Yanszi daryosidagi iskalada ko‘rilgan. Suvosti kemasi u yerda dengizga chiqishdan oldin jihozlangan. Iyun oyi boshida kemani daryo tubidan ko‘tarish uchun kranlar cho‘kish joyiga yetib kelgan. Xitoy rasmiylari esa bu haqiqatni yashirgan.
LiveBarchasi