YeI Ukrainaga 100 minggacha askar yuborishni muhokama qilmoqda – “Reuters”
Olam
−
19 dekabr
4769Yevropa davlatlari, agar Rossiya bilan urush tugasa yoki to‘xtab qolsa, darhol Ukrainaga harbiy kontingentlarni yuborish bo‘yicha batafsil muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, bunday missiyaning minimal hajmi 40 ming askarga baholanmoqda. Biroq Yevropa Xavfsizlik xizmatlari vakili Ukrainani “Rossiya agressiyasi” takrorlanishidan himoya qilish uchun 100 ming harbiy xizmatchi kerak bo‘lishini aytgan.
Kontingentning asosini Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Polsha kabi beshdan sakkiztagacha davlatning harbiy xizmatchilari tashkil qilishi mumkin. Uning yakuniy hajmi hozir muhokama qilinayotgan formatga bog‘liq bo‘ladi. Bunda Italiya tinchlikparvarlik missiyasini yoqlaydi, Fransiya va Ukraina esa Rossiyani ushlab turishga e’tibor qaratadi.
Mamlakatlar kontingent kimning homiyligida joylashtirilishini ham muhokama qilmoqda. Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozetto tinchlikparvar kuchlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida harakat qilishi kerakligini aytgan. Ammo boshqa rasmiylarning aytishicha, bu Rossiyaga haddan tashqari katta ta’sir ko‘rsatadi, chunki u BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi hisoblanadi.
Tahlilchilarning fikricha, yevropaliklar ham AQSHni hech bo‘lmaganda razvedka va boshqa operativ yordam ko‘rinishida missiyada ishtirok etishga ishontirishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, yaqinda Fransiya va Ukraina Prezidentlari Emmanuel Makron va Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish uchun Amerika qo‘shinlaridan foydalanishni rad etgan.
Shuningdek, manbalar Ukrainaga qo‘shin jo‘natish Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini oshirishi va AQSH ko‘magiga tayanishga odatlangan Yevropa davlatlari Qurolli kuchlari zimmasidagi yukni oshirishiga ham e’tibor qaratmoqda. Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti xodimi Frans-Stefan Gadining fikricha, 100 ming tinchlikparvarni ajratish Yevropa Ittifoqi davlatlarini quruqlikdagi kuchlarini kengaytirishga va boshqa missiyalarda, masalan, Bolqondagi ishtirokini kamaytirishga majbur qiladi.
Boshqa ko‘plab masalalar, jumladan, quroldan foydalanishning potensial shartlari noaniqligicha qolmoqda.
Rossiya Tashqi razvedka xizmati noyabr oyida G‘arb Ukrainada 100 ming askardan iborat harbiy kontingentni joylashtirmoqchi ekanini ma’lum qilgan edi. Departament bu qadamni Ukrainaning “de-fakto bosib olinishi” deb atadi va NATO Ukraina Qurolli kuchlarining jangovar qobiliyatini tiklash va ularni “qasos olishga urinish”ga tayyorlash uchun mojaroni muzlatishga intilayotganini ta’kidladi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu xabarlarni izohlar ekan, tinchlikparvar kuchlarni yuborish faqat urushda qatnashayotgan barcha tomonlarning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bryusselda bo‘lib o‘tgan NATO Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok o‘t ochishni to‘xtagan taqdirda nemis tinchlikparvar kuchlarini Ukrainaga yuborishni istisno etmasligini bildirgandi. Germaniya kansleri Olaf Shols esa Ukrainaga nemis qo‘shinlarini yuborishga qarshi chiqdi.
LiveBarchasi