Yevropa Ukrainaga 50 minggacha askar yuborishi mumkin – OAV

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish g‘oyasini birinchi bo‘lib ilgari surganidan bir yil o‘tmay Yevropa davlatlari bu masalani jiddiy muhokama qilishni boshladi. Ammo gap urush tugashi ehtimoli paydo bo‘lgach, tinchlikni ta’minlash uchun 40-50 ming askar yuborish haqida bormoqda. Bu Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Davosda bildirgan “kamida 200 ming harbiy” talabidan ancha kam. Bu haqda diplomatlar va muhokamalarda qatnashayotgan manbalarga tayanib, “Financial Times” va “Politico” xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Yevropada qo‘shin yuborishga tayyor bo‘lmagan davlatlar ko‘p bo‘lsa-da, muzokaralar jiddiy olib borilmoqda. Bu jarayonni AQSH Prezidenti Donald Trampning g‘alabasi tezlashtirdi, chunki u urushni tezroq tugatishni xohlayotganini bildirmoqda. Tramp keyinchalik xavfsizlikni ta’minlash uchun Amerika qo‘shinlarini ishlatishni istamayapti. Ammo AQSH logistika va razvedka yo‘nalishida yordam bermasa, bunday missiyani amalga oshirish qiyin bo‘ladi.

Shuningdek, missiya NATO operatsiyasining bir qismi bo‘lmasligi kerak, balki mustaqil tashkil etilishi lozim. “Financial Times”ning yozishicha, bu missiya 1999 yildan Kosovoda “tinchlikni saqlash operatsiyasi” bilan shug‘ullangan va serb kuchlari bilan to‘qnashuvlarda talafot ko‘rgan AQSH boshchiligidagi KFOR guruhi operatsiyalariga o‘xshash bo‘lishi mumkin. Bu NATO va Serbiya o‘rtasida urush degani emas edi. Shu kabi yondashuv Ukraina hududidagi kuchlar uchun ham qo‘llanishi mumkin.

Zelenskiy 24 yanvar kuni Davosda Yevropadan xavfsizlik kafolatini ta’minlash uchun kamida 200 ming harbiy kuch so‘radi. Ammo “Bloomberg”ga bergan intervyusida u bunday missiyada amerikaliklarning ham ishtiroki zarurligini ta’kidladi.

“Ba’zi yevropalik do‘stlarimiz buning mumkinligiga ishonishsa ham, yo‘q – bu mumkin emas. AQSHsiz hech kim bunday xavfga bormaydi”, dedi u.

Manbalarning aytishicha, realistik ko‘lamda Ukraina 40-50 mingga yaqin chet el harbiylarini jalb qila oladi. “Politico” xabariga ko‘ra, ushbu missiya Yevropa davlatlarining 5-6 mamlakatidan iborat bo‘ladi va u Ukraina va Rossiya qo‘shinlari o‘rtasida demarkatsiya zonasini himoya qiladi.

“Missiya oson nishonga aylanishdan saqlanishi uchun yetarlicha kuchli va NATO missiyasi sifatida ko‘rinmasligi uchun mustaqil bo‘lishi kerak. NATOning sobiq rasmiysi Kamiy Granning fikricha, bu kuchlar asosan Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Boltiqbo‘yi va Shimoliy Yevropa davlatlaridan shakllantirilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

“Politico” ma’lumotiga ko‘ra, Makron bu g‘oyani faol ilgari surmoqda va muzokaralar Britaniya, Boltiqbo‘yi davlatlari, Shimoliy Yevropa hamda Chexiya bilan davom etmoqda. Fransiyaning yuqori martabali harbiy rasmiylaridan biri AQSH Prezidenti Trampning “dastlabki 100 kun ichida diplomatik yutuqlarga erishish” istagi bu jarayonni tezlashtirishi mumkinligini aytgan.

Ammo ekspertlar, jumladan, Londonning Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti maslahatchisi Fransua Xeysbur Yevropaning o‘zi kelishuvga erishish bo‘yicha juda qiyin jarayonni boshdan kechirishini aytmoqda. Uning fikricha, Yevropa davlatlarini bir fikrga keltirish deyarli Ukraina va Rossiyani urushni to‘xtatishga majburlashdek qiyin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi savdo bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida 2025 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 35 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgandi. Ukrainaga moliyaviy yordam EU G7 ERA va Ukraine Facility kredit tashabbuslari orqali amalga oshiriladi. Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga eng yirik donor bo‘lgan va Ukraine Facility fondi orqali 16,6 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Evropa Ukraina Emmanuel' Makron qo'shin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing