Putin urushning asosiy maqsadlariga erishilgan deb hisoblaydi – “Reuters”

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bosqinning asosiy maqsadlari allaqachon amalga oshirilgan deb hisoblaydi. Shu bilan birga, u iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi va iqtisodiyotdagi nomutanosibliklardan xavotirda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya armiyasi Ukrainada 2023 yilga nisbatan 5 barobar ko‘proq hududni egallashga va Ukraina hududining deyarli 20 foizini nazorat qilishga muvaffaq bo‘lgan.

“Putin Rossiyani Qrim bilan bog‘laydigan quruqlik yo‘lagi egallab olinganidan mamnun”, deydi Kreml pozitsiyasi bilan tanish manba.

Manbaga ko‘ra, Putin urush oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarni, masalan, yuqori foiz stavkalari harbiy sektorga aloqador bo‘lmagan biznes va sanoatga salbiy ta’sir qilayotganini tushunadi.

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 2024 yilning yanvar-noyabr oylari oralig‘ida Rossiya YAIMi (yalpi ichki mahsulot) 4 foizga o‘sgan, deb baholadi. Biroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya iqtisodiyoti inflyatsiya, sanksiyalar, rekord darajadagi harbiy xarajatlar va ishchi kuchi tanqisligi tufayli atigi 1,3 foizgacha o‘sishi kutilmoqda.

“Reuters”ga ko‘ra, Rossiyaning elita vakillarining bir qismi urushni muzokaralar yo‘li bilan to‘xtatishni afzal ko‘radi. Manbalarning aytishicha, Putin iqtisodiyotdagi katta muammolarni ko‘rmoqda. Xususan, 2024 yilning 16 dekabr kuni biznes rahbarlari bilan uchrashuvda Putin iqtisodiy qiyinchiliklardan norozilgini bildirgan. Kreml matbuot xizmati uchrashuv qatnashchilari ro‘yxatini oshkor etmagan va faqat Putinning kirish so‘zlarini e’lon qilgan. Manbalarga ko‘ra, Putin kreditlar narxi tufayli xususiy investitsiyalarning qisqarishi uchun biznes egalarini tanqid qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general Kit Kellogga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini 100 kun ichida tugatishni buyurgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing