YeIning Ukrainaga bu yilgi moliyaviy yordami 35 mlrd yevroni tashkil etadi

Olam

image

2025 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 35 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda kecha, 22 yanvar kuni Yevropa Ittifoqi savdo bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Dombrovskis ushbu postini Davosda bo‘lib o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumi davomida yozgan. U yerda Ukraina Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Yuliya Sviridenko bilan uchrashuv o‘tkazgan. Komissarning ta’kidlashicha, ular Yevropa Ittifoqining yagona bozoriga yaqinlashish bo‘yicha qadamlarni muhokama qilgan.

Qayd etilishicha, Ukrainaga moliyaviy yordam EU G7 ERA va Ukraine Facility kredit tashabbuslari orqali amalga oshiriladi. Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga eng yirik donor bo‘lgan va Ukraine Facility fondi orqali 16,6 milliard yevro miqdorida yordam ko‘rsatgan.

UNIAN agentligi xabariga ko‘ra, 10 yanvar kuni Ukraina davlat byudjetiga Yevropa Ittifoqi tomonidan ERA tashabbusi doirasida 3 milliard yevro tushgan. Bu tashabbus Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga mablag‘ ajratishni nazarda tutadi. Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigalning ta’kidlashicha, bu Yevropa Ittifoqidan kelgan birinchi transh bo‘lib, u Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlar bilan ta’minlangan.

“Bloomberg” agentligi xabariga ko‘ra, 2025 yilda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki (YeTTB) Ukrainaga 1,5 milliard yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. YeTTBning Ukraina va Moldova bo‘yicha boshqaruvchi direktori Arvid Tuyerknerning aytishicha, bankning sarmoyadagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari infratuzilma va energetik xavfsizlik hisoblanadi. Shuningdek, ustuvorliklar Ukraina xususiy sektori va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida barqarorlikka qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina urushi haqida bayonot bergan va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni "bu bema’ni urush"ni tugatishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing