Britaniya Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar”ni yuborishga chaqirdi

Olam

image

Buyuk Britaniya harbiy harakatlar tugaganidan keyin Ukrainaga “tinchlikparvar qo‘shinlari”ni yuborishi kerak. Bu haqdaq Qirollikning sobiq mudofaa vazirlari Grant Shepps va Gevin Uilyamson mamlakatning “The Telegraph” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Urushdan keyingi “tinchlikparvar kuchlar” tarkibida Britaniya qo‘shinlarining ishtiroki, albatta, mamnuniyat bilan qabul qilinadi, ammo bu Ukrainaga haqiqatan ham kerak bo‘lgan narsaning kichik bir qismi”, degan 2023-2024 yillardagi sobiq vazir Shepps. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya “Putinning noqonuniy bosqiniga qarshi” Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda birinchi o‘rinda bo‘lgan va London endi Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishida yordam berishi kerak.

O‘z navbatida, Uilyamson Ukraina tinchligi va xavfsizligini mustahkamlash “haqiqiy, jismoniy kuch talab etishini” ta’kidladi, shuning uchun u bu mamlakatga qo‘shin yuborishni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda “Ukraina xavfsizligi tashqi tomondan qo‘llab-quvvatlanishi, xoh NATO, xoh ishonchli hamkor sifatida ko‘rish mumkin bo‘lgan Buyuk Britaniya kabi davlatlar tufayli” juda muhim.

Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatga xorijiy harbiy kuchlarning kiritilishi Rossiyani tinchlikka majburlashning “eng yaxshi vositalaridan biri” bo‘lishini aytgan edi.

“Keling, buni amalga oshirish uchun ko‘proq amaliy ish qilaylik. Va biz Buyuk Britaniyadan buni qo‘llab-quvvatlovchi signallarni eshitdik. Biz jasoratli bo‘lishimiz kerak va haqiqatan ham kuchli vositalarni taklif qilishimiz kerak”, degan Zelenskiy o‘tgan hafta Germaniyadagi “Ramshteyn” bazasida Ukraina bo‘yicha Aloqa guruhi yig‘ilishida.

G‘arb qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirish g‘oyasi birinchi marta Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron tomonidan 2024 yilning fevralida bildirilgan edi. Shundan so‘ng Yevropa davlatlari o‘t ochishni to‘xtatish rejimini kuzatish uchun harbiy harakatlar to‘xtatilgan taqdirda bunday qadam qo‘yish imkoniyatini muhokama qila boshladi.  “The Wall Street Journal”ning yozishicha, bunday qarorga AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ham qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, Parijda Zelenskiy va Makron bilan uchrashuvda Tramp AQSH armiyasi tinchlikparvarlik missiyasida qatnashmasligini, chunki uning fikricha, Ukrainani himoya qilishda asosiy rol Yevropaga tegishli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Yevropa davlatlari Rossiya bilan urush to‘xtatilgan yoki muzlatilgan taqdirda Ukrainaga harbiy kontingentlarni yuborish bo‘yicha aniq muzokaralar olib bormoqda. “Reuters” manbalariga ko‘ra, bunday missiyaning minimal hajmi Germaniya , Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Polshani o‘z ichiga olgan besh-sakkiz mamlakatdan 40 ming askar bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Yevropa xavfsizlik xizmatlari Ukrainani Rossiyaning takroriy tajovuzidan himoya qilish uchun 100 minggacha harbiy xizmatchi kerak bo‘ladi, deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi diplomatiya rahbari Kaya Kallas Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan YeI davlatlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar” yuborish masalasini muhokama qilmayotganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Britaniya tinchlikparvar kuchlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing