BRICS sammitida Makron ham qatnashishi mumkin
Olam
−
20 iyun 2023
6058Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron agar shunday taklif kelib tushsa, BRICS sammitida (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna Pretoriyada JAR Tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor bilan muzokaralari yakunida so‘z ochdi.
“Biz Makronning BRICS sammitiga ehtimoliy ishtirok etishi haqida faraziy tarzda gapiryapmiz. Har qanday holatda ham, qaror BRICS’ga tegishli”, degan Kolonna.
Uning ta’kidlashicha, Fransiya BRICS’ning qator davlatlari, jumladan, Xitoy bilan bir necha sohada hamkorlik qilmoqda hamda “bunday hamkorlik turli shakl va forumlarda bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri”.
O‘z navbatida, Pandor Makronning BRICS sammitida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi g‘oya “innovatsiya” ekanini aytgan. Shuningdek, u BRICS’ga a’zo bo‘lmagan davlatlarning ayrim rahbarlarining sammit uchrashuvlarida ishtirok etishi haqidagi har qanday qarorni ittifoq raisi qabul qilishi kerakligini ta’kidlagan.
Hozirda Janubiy Afrika BRICS’ga raislik qilmoqda. BRICS sammiti joriy yilning 22-24 avgust kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadi. Sammitning so‘nggi kunida Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa BRICS va Global Janubiy a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Yoxannesburgda ASEAN, Karib havzasi hamjamiyati, Yetmish yettilik guruhi (G77) a’zolari va Afrikaning ko‘pchilik mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari yig‘ilishi kutilmoqda. Boshqacha aytganda, BRICS sammiti doirasida zamonaviy rivojlanish yo‘llarini G‘arbdan farq qiladigan tarzda ko‘ruvchi kuchlar birlashuvi bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Makron Global Janub doirasidagi uchrashuvlar ishtirokchisi bo‘lishni xohlaydi.
LiveBarchasi