Makron Anqara ko‘chalarida tongni yugurish bilan boshladi (video)

Olam

image

Ayni paytda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron NATO sammitida ishtirok etish uchun Turkiyada bo‘lib turibdi. U bugun, 8 iyul kuni Anqarada tongni yugurish bilan boshladi. Turkiya poytaxtidagi Seg‘menler bog‘ida yugurishga chiqqan davlat rahbari mahalliy aholi bilan salomlashib ham o‘tdi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 36-NATO davlat va hukumat rahbarlari sammiti doirasida Anqarada bo‘lib turgan Makron ertalab xavfsizlik xodimlari hamrohligida Chankaya qarorgohi atrofida yugurgan. Turkiya OAVlari tarqatgan suratlarda Fransiya Prezidenti yo‘lak bo‘ylab oddiy sport libosida mashq qilayotgani aks etgan.

Suratlarga ko‘ra, Makron to‘q ko‘k rangli Le Coq Sportif sport futbolkasini kiygan. Ushbu brend Fransiya milliy olimpiya terma jamoasining rasmiy sport kiyimlari hamkori hisoblanadi. Bunday futbolkaning chakana narxi modelga qarab taxminan 50–90 yevro (taxminan 750 ming – 1,35 mln so‘m) atrofida baholanadi.

Prezidentning oyog‘ida esa HOKA yugurish poyabzali ko‘rinadi. Dizayniga qaraganda, u brendning mashhur modellaridan biri bo‘lishi mumkin. Bu toifadagi HOKA krossovkalari xalqaro bozorda odatda 150–190 yevro (taxminan 2,3–3 mln so‘m) narxda sotiladi.

Shuningdek, Makron sport mashg‘ulotlari paytida quyosh ko‘zoynagi taqqan, soati esa GPS-funksiyali sport soatiga o‘xshaydi. Biroq suratlardan uning aniq modeli yoki brendini tasdiqlash imkoni yo‘q.

Fransiya Prezidentining yugurishga bo‘lgan qiziqishi avval ham bir necha bor e’tibor markazida bo‘lgan. Anqaradagi bu galgi yugurish ham ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi. Ayrim foydalanuvchilar Fransiya Prezidentining oddiy sport uslubini maqtagan bo‘lsa, boshqalar xavfsizlik choralari ostida shahar ko‘chalarida yugurganiga e’tibor qaratdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing