Braziliyada qo‘nayotgan samolyot portlab ketdi (video)
Olam
−
10 yanvar
12283Braziliyaning Ubatuba shahridagi Gastan-Madeyra aeroportida Cessna Aircraft biznes-jeti shahar sohilida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketdi, oqibatda samolyot portladi. Bu haqda “Shot” xabar berdi.
Hodisa oqibatida yetti kishi, jumladan, sohilda dam olayotganlar ham jabrlangan. Samolyot uchuvchisini qutqarib bo‘lmagan. Samolyotda besh kishi bo‘lgan. Voqea guvohlari aksariyati bolalar bo‘lgan yo‘lovchilarni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Uchuvchi halok bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot halokatiga yomon ob-havo sharoiti va yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi sabab bo‘lgan.
Jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilgan, ularning sog‘lig‘i qoniqarli deya baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliya janubidagi Gramado shahrida xususiy samolyot turarjoy hududiga qulab tushgandi. Samolyotni mahalliy tadbirkor boshqargan va bortda uning oilasi bo‘lgan. Ularning hammasi vafot etgan.
Oxirgi kunlarda halokatga uchragan samolyotlar
29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.
Shuningdek, Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas.
Bundan tashqari, o‘sha kuni KLM Royal Dutch Airlines aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘lgandi. Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.
30 dekabr kuni esa Germaniyaning Shtutgart shahrida to‘rt o‘rindiqli Cessna C-172 samolyotining qulashi oqibatida ikki kishi jabrlandi. Uchuvchi yengil tan jarohati olgan, 70 yoshli yo‘lovchi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
LiveBarchasi