Braziliyada avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Braziliyaning janubi-sharqidagi Minas-Jerays shtatida avtobus yengil avtomobil va yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketdi. Oqibatda 22 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda mahalliy yong‘in o‘chirish xizmatiga tayanib, CNN Brasil xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fojia bugun, 21 dekabr kuni ertalab sodir bo‘lgan. San-Pauludan yo‘lga chiqqan avtobus yengil avtomobil va yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan, so‘ngra yong‘in kelib chiqqan. Avtobus ichida jami 45 yo‘lovchi bo‘lgan.

“Ular (yo‘lovchilar) orasidan 13 nafarini tirik holda topishdi va hududdagi tibbiyot muassasasiga yetkazdi. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni bartaraf etib, vayronalar ichidan 22 nafar halok bo‘lganlarning jasadini topishga muvaffaq bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Hodisa avtobusning bir g‘ildiragi yorilib ketgani sababli yuzaga kelgani aytilmoqda. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, yuk mashinasiga urilgan.

“Orqasidan kelayotgan yengil avtomobil ham avtobus bilan to‘qnashgan, ammo ichida bo‘lgan uch yo‘lovchi omon qolgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, o‘t o‘chiruvchilar qurbonlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Braziliyada sayyohlarni olib ketayotgan avtobus jarlikka qulab tushishi oqibatida 23 yo‘lovchi halok bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

avtobus Braziliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing