BP Toshkent viloyati bosh infeksionisti qamoqqa olinishi bo‘yicha bayonot berdi
Jamiyat
−
10 Sentabr 2020
18890Avvalroq, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani haqida xabar bergan edik. U qanday ayblov bilan ushlangani haqida rasmiy ma’lumot berilishi kutilayotgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Guljahon Yo‘ldoshevaning hisbga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 10 avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilgan. U Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va “COVID-19” tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilganini va 2 avgust kuni uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.
Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor “COVID-19” kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. so‘m byudjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilingani aniqlangan.
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yu. bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.
2020 yil 08 sentyabr kuni shifoxona bosh shifokori G.Y. majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Ayblanuvchi G.Y. tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi