Bozorni tartibga solishda bojxona cheklovlaridan voz kechish kerakmi – Ikromov xulosasi

Jamiyat

Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov hozir O‘zbekistonda Jahon savdo tashkilotiga kirishda keng imkoniyatlar mavjud, deb hisoblamoqda. Shuningdek, Ikromov shu vaqtda boshqalarning bozorlarini egallash lozimligini aytmoqda. Bu haqda palata raisi jurnalistlar bilan uchrashuvda ta’kidalb o‘tgan. 

Bahodir Ahmedov, QALAMPIR.UZ jurnalisti: Inqiroz O‘zbekistondagi proteksionizm, monopoliyalar masalasi va Jahon savdo tashkilotiga kirish kabi masalalarni ko‘rib chiqish uchun qulay fursat emasmi? 

Adham Ikromov, Savdo-sanoat palatasi raisi:

“Bilasizmi, hozirgi dunyoda juda ko‘plab iqtisodchilar liberal savdoga tayangan iqtisodiyotlar zarar ko‘rdi deyishmoqda. Chunki Yevropa davlatlarining ham ko‘pchiligi proteksionizmga o‘tishni boshladi. Eksport-importda cheklovlar qilaman deb proteksionizm aksincha rivojlanib ketdi. 

Moliyachilar aytishadiki, nimadir sotib oldingmi, sen ham sot, nimadir sotdingmi, sen ham sotib ol. Shuning uchun biz Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Biz Fransiya bilan videokonferensiya o‘tkazdik. Bizning hozir ko‘p bozorlarni egallab olishga imkoniyatimiz bor. 

Biz muvofiqlashtirilgan proteksionizmda bo‘lishimiz kerak. Bozorni tartibga solishda ma’lum qoidalar mavjud. Bu qoidalar bo‘yicha bojxona va bojxonaga oid bo‘lmagan cheklovlar mavjud. Biz bunda asosan bojxona cheklovlarini qo‘llaymiz. Shu sababli ko‘plab tanqidlarga uchrayapmiz.  Tovarlar olib kirilishida bojxona cheklovlari emas, sifat va boshqa cheklovlardan foydalansak yaxshi bo‘lardi. Masalan, Hindistonda 150 ming tonna no‘xat mart oyidan oktyabr oyigacha olib kirish mumkin. Bu ham proteksionizm. 

Biznikilar faqat bojxona bilan ishlashni xohlaydi. Biz cheklovlarni sifatga, texnologik standartlarga qarab belgilasak to‘g‘ri bo‘lardi. Sifatli mahsulotlar kirsin. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga, GSP+ kabi tashkilotlarga kirishi kerak. Chunki ular bilan birga bizga butun dunyo ochiladi. Biz o‘zimizning tovarlarimiz erkin chiqishi uchun ham muvofiqlashtirilgan proteksionizmni qo‘llashimiz kerak. Bunda bojxona cheklovlaridan foydalanmasligimiz lozim". 


Maqola muallifi

Teglar

Adham Ikromov

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing