O‘zbekiston Olimpiadaga tayyormi?
Sport
−
16 iyul
5923Bugun, 16 iyul kuni Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov ishtirok etib, OAVning savollariga javob berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixida eng katta tarkib bilan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etadi. Delegatsiya a’zolari 19 ta sport turida 90 nafar sportchi bilan 75 ta litsenziya bo‘yicha bahslarga kirishadi. Shuningdek, futbol, kamondan otish, ayollar kurashi va suvga sakrash dasturlarida o‘zbek atletlari ilk marta to‘rt yillikning eng yirik sport turnirida mamlakat sharafini himoya qiladi.
Tadbirda Adham Ikromov sportchilarning tayyorgarligiga alohida to‘xtalib, Parijda ulardan o‘zbek sporti tarixidagi eng yaxshi natija kutilayotganini bildirdi.
Joriy Olimpiada bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 67 nafar sportchi debyut qilishi kutilmoqda. Shuningdek, sportchilar orasida 4 nafar Olimpiada chempionlari ham bor. Ya’ni taekvondo bahslarida Ulug‘bek Rashidov, boksda Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov, og‘ir atletikada esa Akbar Jo‘rayev medallar uchun kurash olib boradi.
Ma’lumot uchun, Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimi 26 iyul kuni boshlanib, 11 avgustga qadar davom etadi. O‘zbekistonlik sportchilarning turnirdagi ishtirokini 24 iyul futbol bo‘yicha Temur Kapadze boshchiligidagi jamoa boshlab beradi.
LiveBarchasi