Angliya tajribasi asosida o‘zbek mahallalarida futbol infratuzilmasi rivojlantiriladi
Sport
−
16 mart
5636Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 15 mart kuni O‘zbekistonda og‘ir atletikani hamda mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Davlat rahbariga mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
Joriy yildan boshlab, Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida, 8-11-sinf o‘quvchilari orasidan maktab futbol yetakchisi tanlab olinadi. 12-15 yoshlilar o‘rtasida ikki bosqichli “Mahalla ligasi” hamda 16-30 yosh toifalari orasida uch bosqichli Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish maqsadida mahallalarda mavjud stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan samarali foydalaniladi. Ular yo‘q joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday inshootlar barpo etiladi. Erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari o‘rtasida mahalla terma jamoalari tuziladi. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, professional futbol muassasalariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining homiyligida Og‘ir atletika sport klubi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatida hududiy maktablar ochiladi.
Umuman, bu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida uch yillik dastur ishlab chiqildi. Unda yoshlarning og‘ir atletikaga qiziqishini oshirish, hududlarda sportchilar uchun yetarli sharoitlar yaratish, seleksiya jarayonlarini raqamlashtirish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish kabi vazifalar qamrab olingan.
Og‘ir atletikani ommalashtirish maqsadida 3 bosqichli musobaqalar, Markaziy Osiyo va “Uzbekistan Open” ochiq chempionatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, yoshlar o‘rtasida sport va do‘stlik muhitini mustahkamlash, musobaqalarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.