Bozorlarda yuzdan tanib oluvchi kameralar o‘rnatiladi
Jamiyat
−
23 Sentabr 2023
3621Katta bozorlar va bog‘larning kirish joyiga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralar o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayevning mamlakatimiz aholisiga murojaatida aytib o‘tilgan.
Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu islohot Prezident raisligida joriy yilning 28 iyul kuni Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalarga asosan O‘zbekistonda xavfsiz muhitni yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.
“Bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlardagi savdo ob’ektlari individual qo‘riqlash bo‘yicha signalizatsiya vositalari hamda ular joylashgan hududlar “tashvish” tugmalari bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi. Ushbu ob’ektlarga qarashli maydonlar va ularning yon-atrofida tushuntirish, targ‘ibot ishlari hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytiriladi”, deyilgan murojaatda.
Milliy gvardiya qo‘mondoni shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rilishi va natijada “Xavfsiz bozor”, “Xavfsiz dam olish maskani” konsepsiyalarini hayotga tatbiq etilishiga erilishilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu murojaatda maktablarga “tashvish” tugmalari o‘rnatilgani ham aytib o‘tilgan.
LiveBarchasi