Boysun bozori mojarosi. Viloyat hokimi bozor buzilmasligini aytdi
Jamiyat
−
18 may 2020
8239Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Boysundagi eski bozor masalasi bo‘yicha u yerga tashrif buyurdi. Bu haqda kecha, 17 may kuni viloyat hokimligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, viloyat hokimi bozor buzilmasiligini, aksincha, ta’mirlanib, “Eko bozor“ga aylantirilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, hokim, bozor rekonstruksiyasi bitgach, sotuvchilar o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligini aytgan.
“Eski “Tuzbozor” ham buzilmaydi. Aksincha, rekonstruksiya qilinib “Eko bozor”ga aylantiriladi. Bu aholiga keng qulayliklar yaratish bilan birga, savdo xizmati ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. “Eko bozor” bitgach, xohlovchilar u yerda savdo-sotiq ishlarini bemalol davom ettirishlari mumkin ”, deydi viloyat hokimi.
Ma’lum qilinishicha, To‘ra Bobolov “Tuzbozor” o‘rnida faoliyatini zamonaviy asosda yo‘lga qo‘yish imkonini beradigan yangi tipdagi bozor loyihasini jadallashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish, sotuvchi va xaridorlar uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumani hokimi eski bozorni buzdirib, savdogarlarni yangi bozorga o‘tkazmoqchiligi haqida xabar tarqalgan edi. Shundan so‘ng hokimlik xabarga o‘z munosabatini bildirib, bozor ostonasida turgan ekskavator aloqa xizmatini yaxshilash bo‘yicha ish olib borgani haqida rasmiy bayonot berib chiqdi. So‘ngra, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hokimlik bayonotiga nisbatan raddiya berib, ekskavatorni “O‘zbektelekom” AKning faoliyatiga umuman aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi