Boysundagi buzilayotgan bozor mojarosiga tuman hokimligi munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumani hokimi eski bozorni buzdirib, savdogarlarni yangi bozorga o‘tkazmoqchiligi haqida xabar tarqalgan edi. Shu munosabat bilan, Boysun tumani hokimligi bu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ta’kidlanishicha, Boysun tumanining “Mustaqillik” mahallasi hududidan “Dehqon (oziq-ovqat) bozori” uchun 1,67 gektar yer maydoni ajratilib, bu yerda zamonaviy talablarga muvofiq savdo xizmati ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarga ega savdo majmuasi qurib bitkazilgan.

Shu sababli, “Tuzbozor” mahallasi hududida joylashgan eski dehqon bozorida savdo-sotiq qilib kelayotgan sotuvchilarga o‘z faoliyatlarini ushbu yangi bozorda davom ettirish to‘g‘risida ogohlantirilib kelingan. Hokimlik tomonidan ta’kidlanishicha, tarmoqda tarqalgan videodagi ekskavator esa bozorni buzishga emas aloqa kabelini yotqizish maqsadida olib kelingani aytilmoqda.

“Video materialda noto‘g‘ri talqin qilinganidek, eski bozorga kiraverishdagi chorrahada turgan ekskavator bu bozorni buzish uchun emas, balki “O‘zbektelekom” AK viloyat filiali Boysun telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan A.Navoiy nomli hamda “Istiqlol” ko‘chalari bo‘ylab xalqaro optik tolali aloqa kabelini yotqizish maqsadida bu ko‘chada qazish ishlarini bajarish uchungina kiritilgan. Qolaversa, ushbu ko‘chalarda transport qatnovining vaqtincha cheklanishi bu yerda ishlayotgan ishchi-xodimlarning faoliyat xavfsizligini ta’minlash uchun qilingan“, deyiladi bayonotda.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat fuqarolarda tushunmovchilikni keltirib chiqarganligi sababli, tuman hokimligi va boshqa aloqador soha xodimlari bu yerda bo‘lib, vaziyatni ularga to‘g‘ri tushuntirishgan. Hozirda mazkur anglashilmovchilik bilan bog‘liq muammo yo‘q. Shuningdek, bu ko‘chalarda xalqaro optik tolali aloqa kabelini yotqizish ishlari o‘rnatilgan tartibda davom ettirilishi aytib o‘tilgan.

Bayonot so‘ngida, O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 28 aprelda imzolangan “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020—2021 yillarda barcha sog‘liqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirishni ko‘zda tutgan holda mamlakatning raqamli infratuzilmasini to‘liq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini ta’minlash vazifasi belgilangani keltirib o‘tilgan.

 

Maqola muallifi

Teglar

Boysun Bozor buzilishi

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing