Botanika bog‘i shahar hokimligiga o‘tkazilmaydi – Davaktiv
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
4261Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Botanika bog‘ining Fanlar akademiyasi tasarrufidan chiqarilib, Toshkent shahar hokimligiga o‘tkazilishi bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
Agentlik Botanika bog‘ining hokimlik tasarrufiga o‘tkazilishi haqida qarorning qabul qilinishiga davlat madaniyat va istirohat bog‘lariga tegishli bino-inshootlarning mol-mulki va yer maydonlarining noqonuniy begonalashtirilish holatlari aniqlanganini sabab qilib ko‘rsatgan. Shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 12 ta viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda respublika hududidagi barcha madaniyat va istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkazilgan.
“Xatlov natijasida hududlardagi 262 ta bog‘lar 153 ta tashkilotlar tasarrufida bo‘lib, ularning ayrimlari tashlandiq va qarovsiz holga kelib qolgani, ularni boshqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotgani aniqlandi va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi”, deyiladi xabarda.
Agentlikning ma’lum qilishicha, ushbu takliflar qaror loyihasi ko‘rinishida kelishish uchun 11 ta vazirlik va idoralarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga project.gov.uz portal orqali yuborilgan.
Shuningdek, davlat aktivlarini boshqarish agentligi Fanlar akademiyasining e’tirozidan so‘ng, Botanika bog‘ining shahar hokimligi tasarrufiga o‘tqizilmaydigan bo‘lganini ham bildirdi.
“Fanlar akademiyasining ushbu taklifi asosida “Botanika” bog‘i qaror loyihasidan chiqarilgan”, deyiladi munosabatda.
Endi mazkur qaror loyihasi barcha vazirlik va idoralar, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qayta ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fanlar akademiyasi ushbu qaror loyihasiga nisbatan norozilik bildirgan va undan “Botanika” bog‘ini chiqarish bo‘yicha o‘z takliflarini project.gov.uz tizimi orqali yuborgandi.
Keyinroq Toshkent shahar hokimligi o‘z munosabatida Botanika bog‘i hokimlik tasarrufiga olinmagani va istirohat bog‘iga aylantirilmasligini yozgandi.
LiveBarchasi